Nukus dala o‘quv maydonida maxsus o‘quv yig‘ini o‘tkazildi
Mamlakatimiz mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash, harbiy xizmatchilarning zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi harakat qilish ko‘nikmalarini yuksaltirish hamda idoralararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugining Nukus dala o‘quv maydonida radiatsion, kimyoviy va biologik muhofaza hamda o‘t ochar bo‘linmalari mutaxassislari ishtirokida navbatdagi dala o‘quv yig‘ini tashkil etildi.
Bugungi globallashuv davrida harbiy xizmatchilardan nafaqat jismoniy chiniqqanlik, balki har qanday murakkab vaziyatda tezkor fikrlash, vaziyatni to‘g‘ri baholash va puxta rejalashtirilgan harakatlarni amalga oshirish talab etiladi. Ana shunday yuksak mas’uliyatni o‘zida mujassam etgan mazkur o‘quv yig‘ini shaxsiy tarkibning nazariy bilimlarini amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashtirish, jangovar shaylikni yanada mustahkamlash hamda zamonaviy harbiy tayyorgarlik talablariga mos malakalarni oshirishga xizmat qildi.
Mashg‘ulotlar davomida harbiy xizmatchilar radiatsion-kimyoviy razvedka olib borish, zararlangan hudud va harbiy texnikalarga maxsus ishlov berish, shaxsiy tarkibni himoyalash, favqulodda vaziyatlarda tezkor harakatlanish hamda murakkab taktik sharoitlarda jangovar otish vazifalarini amaliy tarzda muvaffaqiyatli bajardi.
gallery-30667
Har bir bosqichda xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilgan holda bajarilgan mashg‘ulotlar shaxsiy tarkibning kasbiy mahorati, intizomi va mas’uliyatini yana bir bor namoyon etildi. Ayniqsa, favqulodda vaziyatlarda qisqa fursatda to‘g‘ri qaror qabul qilish, mavjud kuch va vositalardan oqilona foydalanish hamda belgilangan me’yorlar asosida harakat qilish borasidagi tayyorgarlik yuqori darajada ekanligi amalda o‘z tasdig‘ini topdi.
O‘quv yig‘inining muhim jihatlaridan biri kuch tuzilmalari hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgani bo‘ldi. Mashg‘ulotlar Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, Milliy gvardiya hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati mutaxassislari bilan hamkorlikda tashkil etildi. Qo‘shma mashg‘ulotlar davomida turli vaziyatlarda kuch va vositalarni muvofiqlashtirish, o‘zaro axborot almashinuvi, tezkor boshqaruv hamda hamjihatlikda harakat qilish bo‘yicha amaliy tajribalar yanada boyitildi.
Bunday kompleks yondashuv har qanday favqulodda yoki jangovar vaziyatda davlatning kuch tuzilmalari yagona maqsad yo‘lida birlashib, muvofiqlashtirilgan holda harakat qilishining muhim omili ekanini yana bir bor namoyish etdi.
Dala o‘quv yig‘ini davomida harbiy xizmatchilar o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni aniq, ishonchli va belgilangan me’yorlar asosida bajarish orqali yuksak kasbiy salohiyat va jangovar tayyorgarlikni namoyon etdilar. Har bir amaliy mashg‘ulot zamonaviy harbiy tayyorgarlik talablariga mos ravishda tashkil etilib, bo‘linmalarning haqiqiy sharoitlarda samarali harakat qilish imkoniyatlarini yanada oshirdi.
O‘quv yig‘ini yakunida shaxsiy tarkibning jangovar shayligi sezilarli darajada mustahkamlanib, mutaxassislarning kasbiy salohiyati, amaliy ko‘nikmalari va tezkor harakat qilish qobiliyati yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘tkazilgan mashg‘ulotlar bo‘linmalarning har qanday murakkab va keskin vaziyatlarda yuklatilgan vazifalarni aniq, ishonchli hamda samarali bajarishga har tomonlama tayyor ekanini yana bir bor amalda tasdiqladi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari