«El-yurt umidi» jamg‘armasining joriy yildagi birinchi stipendiyasi uchun tanlov boshlandi.
Tanlovda ishtirok etish uchun 780 nafardan ziyod nomzod tavsiya etilgan. Shu jumladan, test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan hamda belgilangan muddatda o‘zining akademik salohiyatini tasdiqlovchi amaldagi xalqaro sertifikatlarni taqdim etgan nomzodlar ham tanlovda ishtirok etadi.
Mazkur jarayonda ishtirokchilarning mustaqil fikrlash qobiliyati, ijtimoiy taraqqiyotga erishgan jamiyat g‘oyalarini anglab yetish darajasi hamda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy jarayonlarga doir nazariy tayyorgarligi, yuksak ma’naviy-ma’rifiy saviyasi baholanadi.

Har bir nomzod davlat boshqaruvi tizimi mutaxassislari, akademik va ekspert hamjamiyati hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan tashkil topgan komissiya bilan individual suhbatdan o‘tadi.
Nomzodlarning Vatanga, tanlagan kasbiga sadoqati, ma’naviy-axloqiy tafakkuri, sog‘lom dunyoqarashi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni anglab yetgani, shuningdek, xorijda ta’lim olishdan ko‘zlagan maqsadi hamda o‘qishni tugatgach olingan bilim va malakalarini O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyatlari, tanlagan mutaxassisligi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari davlat tilida o‘tkaziladigan suhbat orqali aniqlanadi va baholanadi.
Nomzodning o‘qishni tugatganidan keyingi rejalari, bilim va tajribalarini O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyatlari haqidagi motivatsion essesi (yozma ishi) inobatga olinadi.
Suhbatni real vaqt rejimida kuzatib borish uchun situatsion markaz tashkil etildi. Onlayn translyatsiya va raqamli nazorat tizimlari orqali jarayonlarning ochiqligi va shaffofligi ta’minlangan.

Shuningdek, ushbu bosqichda teng ishtirokni ta’minlash maqsadida «El-yurt umidi» jamg‘armasi tomonidan nomzodlar uchun zarur sharoit va yengilliklar yaratilgan.
Xususan, ish yoki o‘qish tufayli xorijda bo‘lib turgan nomzodlarga suhbatdan onlayn tarzda o‘tish imkoniyati berilgan. Suhbat sanasi va oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari bir kunga to‘g‘ri kelgan taqdirda, abituriyentlarning murojaatlariga ko‘ra suhbatni boshqa kunga ko‘chirishga ruxsat beriladi.
Bunday choralar har bir nomzodning suhbatda o‘zini to‘liq namoyon etishi, texnik yoki vaqt bilan bog‘liq sabablar tufayli o‘z imkoniyatini boy bermasligini ta’minlashga qaratilgan.
Tasdiqlangan jadval asosida suhbatlar 28 iyulga qadar davom etadi.

Aytib o‘tish kerakki, jamg‘arma tomonidan 2021 - 2025 yillar davomida qariyb 1,3 ming nafar stipendiat turli ta’lim dasturlari bo‘yicha dunyoning nufuzli universitetlariga tahsil olish uchun yuborilgan. Ulardan 740 nafari hozirda o‘qishini davom ettirmoqda. Stipendiatlar orasida xotin-qizlar ulushi 35 foizni tashkil etadi.
Jamg‘arma tomonidan 2025 - 2026 o‘quv yili uchun nufuzli xorijiy universitetlarda ta’lim olish uchun bakalavriat ta’lim dasturlari uchun 130 ta, magistratura uchun 220 ta, doktorantura uchun 100 ta o‘ringa stipendiyalar ajratilishi rejalashtirilgan.
Nomzodlarning hujjatlari 2025 yil 3 iyundan 16 iyunga qadar barcha uchun yagona tartib va teng imkoniyat asosida, onlayn platforma orqali 24/7 rejimida qabul qilindi. Jami 8 mingdan ortiq arizalar kelib tushgan.
N.Abduraimova, O‘zA