Nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma qaror imzolandi
Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, zamonaviy kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha yetuk kadrlar sifatida shakllanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Ayniqsa, nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olgan yosh mutaxassislarning bilim va tajribasidan samarali foydalanish, ularni davlat va jamiyat hayotining muhim sohalariga jalb etish masalasi ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
“Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” Davlat dasturida ham bu yo‘nalishda muhim vazifalar belgilangan.
Davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida shu kunlarda respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Yoshlar oyligi” tadbirlari doirasida poytaxtimizdagi “NNT va Do‘stlik uyi”da Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi o‘rtasida qo‘shma qaror imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Adliya vazirligi, Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda qator NNT va OAV vakillari ishtirok etdi.
Tashkilotchilarning ma’lum qilishicha, qo‘shma qarorga muvofiq, xalqaro reytinglarning yuqori 500 taligiga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarini tamomlab, nodavlat notijorat tashkilotlarida o‘z mutaxassisligi bo‘yicha mehnat faoliyatini olib borayotgan yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning lavozim maoshiga qo‘shimcha ustamalar to‘lash mexanizmi joriy etiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, ustamalar ta’lim bosqichi hamda oliy ta’lim muassasasining xalqaro reytinglardagi o‘rniga qarab belgilanadi. Xususan, reytingning birinchi 200 taligidan o‘rin olgan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari uchun bakalavriat darajasida 7 BHM, magistratura darajasida 10 BHM, PhD yoki unga tenglashtirilgan ilmiy darajaga ega mutaxassislar uchun esa 15 BHM miqdorida qo‘shimcha ustama to‘lash nazarda tutilgan.
Shuningdek, xorijiy universitetlar 500 taligi bitiruvchilari uchun bakalavriat darajasida 5 BHM, magistratura darajasida 7 BHM, PhD yoki unga tenglashtirilgan ilmiy darajaga ega mutaxassislar uchun esa 10 BHM miqdorida qo‘shimcha ustama to‘lash nazarda tutilgan.
Mazkur tashabbus fuqarolik jamiyati institutlari sohasiga yuqori malakali kadrlarni jalb etish, yosh mutaxassislarning qiziqishini oshirish hamda sohaning intellektual salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, mazkur mexanizm yosh kadrlarning mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi, o‘z bilim va ko‘nikmalarini jamiyat manfaatlari yo‘lida tatbiq etishi uchun muhim rag‘batlantiruvchi omil bo‘lib xizmat qiladi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan mazkur qarorning ahamiyati, uni amalga oshirish mexanizmlari hamda kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi. Bu kabi ma’rifiy loyihalar ta’lim maskanlari bitiruvchilarini faol qo‘llab-quvvatlash, ularning ezgu g‘oyalarini amialiyotga joriy etishdek ezgu maqsadlarni ko‘zlashi bilan ahamiyatlidir.
N.Usmonova, O‘zA