Noshirlik sohasini qo‘llab-quvvatlash inson kapitaliga sarmoya kiritish demakdir
Kitobxonlik haqida gap ketganda, ko‘pincha xayolimizda shinam kutubxonalar, mutolaa qilayotgan yoshlar va kitob bayramlari gavdalanadi. Bular, shubhasiz, jarayonning eng go‘zal va ko‘zga tashlanadigan jihatlaridir.
Biroq bugungi global dunyoda kitob shunchaki ma’naviy qadriyat emas, u inson kapitalini shakllantiruvchi strategik resursga aylanib ulgurdi. Aynan shu sababli, mutolaa zanjirining parda ortidagi eng muhim va poydevor bo‘g‘ini bo‘lgan noshirlik sohasi bugun mutlaqo yangicha qarashni talab qilmoqda.
Chunki har qanday durdona asar ham o‘z-o‘zidan kitobxonga yetib bormaydi. Uning ortida professional tarjima, puxta tahrir, zamonaviy dizayn va sifatli chop etish kabi murakkab va mashaqqatli bosqichlar yotadi. Bugun O‘zbekistonda kitobxonlikni rivojlantirish faqatgina targ‘ibot bilan cheklanib qolmayotgani, aksincha, kitob yaratilishining butun bir ekotizimini shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Uzoq yillar davomida kitob bozori deganda asosan badiiy adabiyot tushunilgani sir emas. Biroq zamon o‘zgardi, o‘quvchining dunyoqarashi va talabi ham mutlaqo yangi bosqichga chiqdi. Bugun yoshlar, tadbirkorlar va mutaxassislar faqat badiiy asarlar bilan cheklanib qolishni istamayapti. Ular ilm-fan, texnologiya, iqtisodiyot, strategik boshqaruv va biznes yo‘nalishlaridagi haqiqiy, amaliy bilim manbalariga ehtiyoj sezmoqda.
Ushbu ijtimoiy ehtiyojni qondirish maqsadida bozorda ixtisoslashgan xususiy nashriyotlar paydo bo‘layotgani quvonarlidir. Prezident Shavkat Mirziyoyevga 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan ko‘rgazmada tanishtirilgan "Gutenberg" nashriyoti loyihasi ham buning yaqqol isbotidir.
Nashriyot shunchaki kitob chop etuvchi korxona emas, balki jamiyatdagi muayyan muammoni hal qiluvchi bilim platformasi bo‘lishi kerak. Yosh tadbirkor Ravshan Burxonovning ta’kidlashicha, “Gutenberg” nashriyoti aynan mana shu falsafa asosida tashkil etilgan:
— Biz faoliyatimizni boshlashdan avval "nimadan boshlasak ekan?" degan savol ustida jiddiy tadqiqot o‘tkazganmiz, — deydi nashriyot rahbari. — Kuzatishlarimiz shuni ko‘rsatdiki, 2002-yildan 2022-yilgacha bo‘lgan davrda ochilgan mahalliy biznes sub’ektlarining katta qismi o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Buning tub sabablarini o‘rganganimizda, birinchi o‘rinda tadbirkorlarimizda biznesni to‘g‘ri yuritish, strategiya belgilash bo‘yicha yetarlicha malaka va ko‘nikma yetishmasligi ma’lum bo‘ldi. Bozorda ularning bilim va salohiyatini oshiradigan professional adabiyotlar deyarli yo‘q edi. Biz aynan mana shu bo‘shliqni — nishonni to‘g‘ri ushladik. Ularga global darajadagi biznes maktablari va universitetlarining eng ilg‘or tajribalarini o‘zbek tilida taqdim etishni maqsad qildik va bugungi kunda faqatgina biznes hamda ilmiy-ommabop asarlarni tarjima qilishga ixtisoslashdik.
Nashriyot rahbari Ravshan Burxonovning ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda ular dunyoning eng nufuzli ilm maskanlari Stenford, Oksford va Kembrij universitetlari bilan rasmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Bu hamkorlik shunchaki qog‘ozda emas, real natijalarda ko‘rinmoqda.
Stenford universiteti professori Ilya Strebulaev "Venchur zehniyati" kitobi bor yo‘g‘i bir oy ichida 10 ming nusxada sotildi. Garvard biznes maktabi bilan hamkorlikda chop etilgan HBR (Harvard Business Review) to‘plami esa qisqa muddatda 9 mingga yaqin kitobxon qo‘liga yetib bordi.
Bu raqamlar shunchaki muvaffaqiyatli savdo ko‘rsatkichlari emas. Ular bugungi kitobxon zamonaviy boshqaruv, tadbirkorlik va biznesga oid ishonchli bilim manbalariga tobora ko‘proq ehtiyoj sezayotganini ko‘rsatadi. Bu esa mamlakatimizda sifatli, ilmiy-ommabop va kasbiy adabiyotlarga bo‘lgan qiziqish yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.
Sohadagi xususiy tashabbuslarning bunday dadil odimlashiga davlat tomonidan yaratilayotgan tizimli sharoitlar katta turtki bo‘lmoqda. Xususan, Prezidentimizning joriy yil 15-yanvardagi “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori soha rivojida yangi sahifa ochdi.
Ushbu hujjat asosida tashkil etilgan Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamg‘armasi nashriyotlarning eng katta og‘riqli nuqtalariga malham bo‘la oldi. Jamg‘arma tomonidan mualliflik huquqini sotib olish, tarjimon va muharrirlar mehnatini qisman qoplab berish mexanizmi joriy etildi. Bu esa nashriyotlarga moliyaviy tavakkalchilikdan qo‘rqmay, jahon brendiga aylangan eng sara adabiyotlarni o‘zbek tiliga o‘girish imkonini bermoqda.
Bugungi zamonaviy nashriyotlar o‘z modelini mutlaqo o‘zgartirmoqda. Ular endi shunchaki buyurtma olib, tayyor matnni qog‘ozga muhrlovchi texnik korxonalar emas. Nashriyotlar bugun jamiyatdagi muayyan intellektual muammolarni hal qiluvchi professional platformalarga aylanib bormoqda.
"Gutenberg" nashriyoti misolida oladigan bo‘lsak, loyiha boshlanishidan avval o‘tkazilgan tadqiqotlar ko‘plab mahalliy biznes sub’ektlarining aynan zamonaviy bilim va boshqaruv malakasi yetishmasligi sababli inqirozga uchrayotganini ko‘rsatgan. Demak, eng ilg‘or biznes maktablari tajribasini o‘zbek tiliga mahalliylashtirish bu shunchaki kitob chiqarish emas, balki mamlakat ichki iqtisodiyoti va inson kapitaliga tikilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyadir.
Bugun O‘zbekistonda kitobga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgardi. Kitob endi faqatgina bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish yoki ma’naviy yetuklik vositasi emas. U iqtisodiy taraqqiyot, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash va innovatsion fikrlaydigan jamiyat qurishning eng asosiy strategik resursidir.
Bilimga sarmoya kiritayotgan jamiyat o‘z kelajagiga eng ishonchli sarmoyani kiritgan bo‘ladi. Kitobxonlik va noshirlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bugungi islohotlarning asl mohiyati ham aynan mana shu hayotiy falsafaga asoslanadi.
Marhabo Hojiakbarova, O‘zA