O‘zbekiston va Belarus madaniyat vazirlari Minskda muzokaralar o‘tkazdi
Minskda Belarus Respublikasida o‘tkazilayotgan “O‘zbekiston madaniyati kunlari” doirasida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Belarus Respublikasi madaniyat vaziri Marat Markov o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, muloqot davomida ikki davlat o‘rtasida madaniyat va san’at sohalaridagi hamkorlikning bugungi holati hamda istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Tomonlar madaniy-gumanitar aloqalarni yanada kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, teatr, kino, muzey, kutubxona, madaniy ta’lim hamda ijodiy jamoalar almashinuvini rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladi.
-Bugungi kunda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida madaniyat sohasidagi hamkorlik izchil va samarali rivojlanmoqda. Bu, avvalo, davlatlarimiz rahbarlari o‘rtasida qaror topgan do‘stona va o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlar samarasidir. Mamlakatlarimizda o‘zaro “Madaniyat kunlari” va “Kino kunlari”ni o‘tkazish ezgu an’anaga aylandi. O‘tgan yili O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan “Belarus Respublikasi madaniyati kunlari” mamlakatimiz madaniy hayotidagi eng yorqin voqealardan biri bo‘ldi. O‘zbekiston ijodiy jamoalari va san’atkorlari Vitebsk shahrida o‘tkaziladigan nufuzli “Slavyanskiy bazar” xalqaro san’at festivalida muntazam ishtirok etib kelmoqda. Vazirliklar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida “Hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi”ni imzolashni rejalashtirganmiz. Ishonchim komilki, ushbu hujjat qo‘shma faoliyatimiz uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi va yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga keng yo‘l ochadi, — dedi Ozodbek Nazarbekov.

Uchrashuvda vazirlar tomonidan madaniyat va san’at sohasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qator tashabbuslar ilgari surildi.
Xususan, ikki vazirlik vakillaridan iborat doimiy qo‘shma ishchi guruhni tashkil etish taklif qilindi. Ta’kidlanishicha, mazkur tuzilma madaniyat va san’at sohasidagi hamkorlik yo‘nalishlarini muvofiqlashtirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda istiqbolli tashabbuslarni ilgari surishga xizmat qiladi.
Shuningdek, kinematografiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, ikki mamlakatning umumiy madaniy merosi, tarixi va bugungi hayotiga bag‘ishlangan badiiy hamda hujjatli filmlarni birgalikda ishlab chiqarish bo‘yicha uzoq muddatli dastur ishlab chiqish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Madaniyat sohasini raqamlashtirish yo‘nalishida ham hamkorlikni rivojlantirish muhim vazifalardan biri sifatida qayd etildi. Tomonlar muzeylar, teatrlar, konsert tashkilotlari va boshqa madaniyat muassasalarida zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish borasida tajriba almashishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
N.Usmonova,
O‘zA