Qaror va ijro
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 24 fevraldagi “Vazirlar Mahkamasining “Shaharsozlik faoliyatida ruxsat berish tartib-taomillarini takomillashtirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida” 2023 yil 23 noyabrdagi 619-son qaroriga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qarori ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda shahar va tuman hokimlarining qurilish hamda iqtisod bo‘yicha o‘rinbosarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Prokuraturasi, Ichki ishlar, Adliya, Qurilish vazirliklari, Kadastr agentligi hamda Kadastr palatasi, “Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish respublika markazi” davlat muassasasi, kommunal soha hamda noqonuniy mulk egalari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Qarorning mazmun mohiyati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Jasur Jabborov ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida 2024 yil 23 sentyabrda qurilish industriyasi va qurilish materiallari ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida o‘tkazilgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazmasdan qurilish ishlarini boshlash, ob’ekt toifasi asosida qurilish jarayonlarini tizimli nazorat qilinmasligi hamda buning oqibatida ob’ektlarda tartibsiz qurilish ishlari olib borilgani va ushbu holat fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotganligi ko‘rsatib o‘tildi. Shuningdek, mazkur holatlarni oldini olish va bartaraf etish, qurilish ishlarini amalga oshirishda byurokratik to‘siqlar va korrupsiyaga chek qo‘yish bo‘yicha 2025 yil 1 noyabrga qadar Inspeksiyaning mavjud kuch vositalari va imkoniyatlarini safarbar qilish to‘g‘risida topshiriq bergan edi.
Ushbu topshiriqqa asosan hududiy inspeksiyalar tomonidan tizimli o‘rganishlar tashkil qilinib, joriy yil 18 mart holatiga respublikada jami 3 ming 143 ta ob’ekt hududiy inspeksiyalar ro‘yxatidan o‘tmasdan, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirilganligi aniqlandi. Yuqorida qayd etilgan noqonuniy ob’ektning 128 tasi Qoraqalpog‘iston Respublikasiga to‘g‘ri kelmoqda. Shundan 9 tasida hududiy inspeksiyadan ro‘yxatdan o‘tish uchun barcha hujjatlari mavjud bo‘lib, qolgan 119 ta ob’ekt taqdiri hanuzgacha mavhum bo‘lib qolmoqda. Shundan, 4 ta ob’ektni buzdirish bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritilgan bo‘lib, sudlar tomonidan 2 ta ob’ektni buzdirish bo‘yicha da’vo arizalari qanoatlantirilgan va qolgan 2 ta da’vo arizasi sud jarayonida.
Noqonuniy va tartibsiz qurilishlar tobora ortib borishiga bir tarafdan mahalliy hokimliklar, Qurilish boshqarmalari, shahar va tuman qurilish bo‘limlari va mahallalar tomonidan noqonuniy qurilmalarga nisbatan o‘z vakolat doirasida murosasiz kurash olib bormayotganligi bo‘lsa, ikkinchi tarafdan ob’ekt buyurtmachilarining qurilish sohasida huquqiy savodxonligi yetarli darajada emasligi sabab bo‘lmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 20 fevraldagi 321-sonli qarorida loyiha tashkilotining mualliflik nazorati – qurilish ob’ektlarida barcha shaharsozlik normalari va qoidalarining buzilish holatlari to‘g‘risida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat inspeksiyasiga xabar berishi belgilangan. Biroq, shaharsozlik hujjatlari tasdiqlanmagan, loyiha hujjatlari ekspertizadan o‘tkazilmagan va inspeksiya ro‘yxatidan o‘tmagan ob’ektlarga loyiha tashkilotlari tomonidan qurilishni boshlash uchun loyiha taqdim etib kelinmoqda.
Nukus shahrida, tadbirkorlik sub’ekti “QARAQALPAQ STROY MONT UPRAVLENIE” MCHJ tomonidan ko‘p qavatli turar-joy binosini qurish uchun shaharsozlik hujjatlari rasmiylashtirilmasdan qurilish ishlari boshlab yuborilgan. Noqonuniy qurilish inspeksiya tomonidan 2024 yil sentyabr oyida aniqlangan bo‘lib, bugungi kunda binoning yerto‘la qismi, poydevor ishlari amalga oshirilgan.
Yana bir holatda, Nukus shahrida, tadbirkorlik sub’ekti “ARAL BOYI QURILISH ISHLARI” MCHJ tomonidan ko‘p qavatli turar-joy binosining loyiha hujjatlari ishlab chiqilmay va hududiy inspeksiyadan ro‘yxatdan o‘tmay noqonuniy qurilish ishlari olib borilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 apreldagi 200-sonli qarorning 2-ilovasida Bino va inshootlarning ixtisoslashishini o‘zgartirish, qayta qurish, rekonstruksiya qilish hamda o‘z hududida qo‘shimcha bino va inshootlarni qurishni tegishli ruxsatnomasiz amalga oshirish taqiqlanishi belgilangan bo‘lishiga qaramay, Qoraqalpog‘iston Respublikasining shahar va tuman qurilish bo‘limlari tomonidan noqonuniy qurilgan ob’ektlarga nisbatan ruxsatnomalar berilganligi aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 24 fevraldagi qarori qabul qilinganiga ham deyarli bir oy bo‘ldi. Bugungi kunga qadar, Qoraqalpog‘iston Respublikasida aniqlangan jami 128 ta noqonuniy ob’ektning atigi bittasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy inspeksiyasi ro‘yxatidan o‘tgan. Qaror muddati tugashiga uch oy vaqt qolgan bo‘lsa, mas’ullar yana qanday imkoniyatlar yaratilishini kutmoqda. Shuning uchun ham shahar va tuman hokimliklari, ularning qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari qisqa muddatda noqonuniy ob’ektlarni qonuniylashtirish chorasini ko‘rishi zarur.
Yig‘ilishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli soha vakillariga topshiriq berildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi F.Ermanov ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA