Nomzodlar turniri: Javohir Sindorovni oldinda yana 4 ta muhim bahs kutib turibdi
Kiprda davom etayotgan shaxmat bo‘yicha Nomzodlar turnirining ortda qolgan 10-tur bahslaridan keyin Javohir Sindorov ochkolari sonini 10 taga yetkazib, yaqin ta’qibchilaridan 2 ochko oldinlab ketdi.
Kecha o‘tkazilgan 10-tur musobaqasida Javohir oq donalarda hindistonlik Rameshbabu Praggnanandxani mag‘lubiyatga uchratdi.
Bu Sindorovning 8 ochko jamg‘arib turnir jadvalidagi yetakchiligini yanada mustahkamlashini ta’minlash bilan birga, Nomzodlar turnirlari tarixida eng ko‘p g‘alabaga erishgan shaxmatchilar rekordini yangilashiga olib keldi.

Javohirning eng yaqin ta’qibchisi hisoblangan niderlandiyalik Anish Giri oq donalarda AQSH vakili Hikaru Nakamura bilan murosa yo‘lini tanladi.
Mazkur turda Andrey Yesipenko — Mattias Blyubaum, Vey I — Fabiano Karuana qarama-qarshiligidagi o‘yinlarda ham durang qayd etildi.
Ayollar o‘rtasida o‘tgan 10-tur uchrashuvlarida qozog‘istonlik Bibisara Asaubayeva oq donalarda xitoylik Chju Szinerni, rossiyalik Aleksandra Goryachkina qora donalarda hindistonlik Divya Deshmuxni mag‘lub etgan bo‘lsa, Anna Muzichuk — Vayshali Rameshbabu va Katerina Lagno — Tan Chjun’i juftligidagi o‘yinlarda kuchlar teng keldi.

Musobaqadan so‘ng hamyurtimiz Javohir Sindorov jurnalistlarning savollariga javob berish asnosida musobaqaning asosiy jihatlariga to‘xtalib o‘tdi.
— Maqsadga juda yaqinman, lekin oldinda yana to‘rtta muhim o‘yin bor. Shuning uchun natija haqida o‘ylamasdan, shunchaki ishonchli o‘ynashga harakat qilaman. Turnirda albatta bosim yuqori. 9-turda yutishim kerak bo‘lgan pozitsiyani yuta olmadim. Murabbiyim natija haqida emas, o‘yin haqida o‘ylashimni ko‘p takrorlaydi, — dedi Javohir.

Darhaqiqat, oldinda bir-biridan qiziqarli va murakkab bo‘lgan 4 ta tur o‘yinlari bor. Ularda Sindorov Fabiano Karuana, Hikaru Nakamura, Anish Giri va Vey I bilan kuch sinashadi.
Bugun, 10-aprel ishtirokchilar uchun dam olish kuni sifatida belgilangan.
Ertaga o‘tkaziladigan 11-tur bahsida Javohir oq donalarda AQSH vakili Karuana bilan ro‘baro‘ keladi. Ular o‘rtasida o‘tgan 4-turda Sindorov oq donalarda g‘alabaga erishgan edi.
Shuningdek, 11-turda Anish Giri — Andrey Yesipenko, Hikaru Nakamura — Vey I, Praggnanandxa — Mattias Blyubaum “jang”lari bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, 16-aprelga qadar davom etadigan Nomzodlar turnirining mukofot jamg‘armasi 1 million yevro.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA