Nodirbek Abdusattorov: “Ko‘p xatoliklar ruhiy holatdan kelib chiqadi”
Shaxmat musobaqalarida yuqori darajada o‘yin ko‘rsatish, kutilgan natijalarga erishishda psixologik barqarorlik qanchalik muhim rol o‘ynashi xususida ikki karra shaxmat olimpiadasi oltin medal sohibi, rapid yo‘nalishida 2021-yilgi jahon chempioni, qator xalqaro turnirlar g‘olibi Nodirbek Abdusattorov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Uning fikricha, har bir o‘yindan keyin xayolga keladigan har qanday salbiy fikrlarni ortda qoldirish muhim xususiyat sanaladi. O‘yin davomida butun diqqat doska va pozitsiyada bo‘lishi lozim. Bahs davomidagi ortiqcha fikrlar insonni chalg‘itish barobarida ruhiy quvvatni ham olib qo‘yadi.
Uning aytishicha, ko‘plab xatolar sof shaxmat sababli emas, balki hissiyotlar va ruhiy muvozanatning buzilishi hamda tashqi bosimlar tufayli yuz beradi.
-Men shuni tushundimki, ko‘p ochkolar aynan shunday holatlarda yo‘qotiladi. Vaqt o‘tishi bilan yuqori bosimli vaziyatlarda o‘zimni yaxshiroq nazorat qilish ko‘nikmasiga ega bo‘lishga harakat qilyapman, - deydi N. Abdusattorov.
Abdusattorov professional shaxmatda natijani ko‘pincha juda kichik detallar hal qilishi xususida to‘xtalib, aynan shu jihatlar yuqori ko‘rsatkichlarga erishishni belgilaydi. Agar har qanday shaxmatchi shu mayda tomonlarni yaxshilashga erisha olsa, uning umumiy o‘yin darajasi har jihatdan yanada kuchayadi, deya ta’kidladi.
O‘zA muxbiri T. Ro‘ziyev yozib oldi.