Nodirbek Abdusattorov: “Javohir dunyoning eng kuchli shaxmatchilaridan biriga aylandi”
Bugungi kunda nafaqat O‘zbekistonda, hattoki jahon shaxmat olamida, uning keng miqyosli muhokamalar maydonida Nodirbek Abdusattorov-Javohir Sindorov do‘stligi, ularning bir-biridan farq qiladigan jihatlari, o‘yin uslubi, munosabatlari, fe’l-atvori, kelgusida ular o‘rtasida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan to‘qnashuvlar xususida turli qarashlar, fikrlar bildirilmoqda.
Albatta, bu tabiiy jarayon. Zotan, bitta shaxmat maktabida, yagona sport infratuzilmasida, kerak bo‘lsa bir xil sharoit va muhitda kamol topib, shaxmat dunyosida o‘ziga xos shov-shuvlarni keltirib chiqargan, jahon shaxmat ishqibozlari e’tiborini O‘zbekistonga qaratgan Abdusattorov va Sindorovning favqulodda iste’dodi hali yillar davomida ko‘plab muhokamalarga, qarashlarga sabab bo‘laveradiki, bu, xalqimizning beqiyos tafakkuri, ilmiy salohiyati Nodirbeklar, Javohirlar orqali asrlar osha olam ahliga nuri-ziyo tarataverishidan dalolat, deyish mumkin.
Shu o‘rinda, aytish lozimki, Nodirbek Abdusattorovning Javohir Sindorov faoliyati, uning o‘yin amaliyoti, iste’dodi, muvaffaqiyatlari va bu natijalar o‘ziga qanday ta’sir qilgani haqidagi fikrlari ko‘pchilikni qiziqtirishi bor gap.
Kuni kecha ko‘plab shaxmat ishqibozlarining mazkur qarashlaridan kelib chiqib, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi tizimidagi mutaxassislar Abdusattorovning ayni masala xususidagi fikr va munosabatlarini e’lon qildi.
-Javohirning salohiyati, uning ichki energiyasi qanchalik yuqori ekanligini hammamiz yaxshi bilamiz. U nihoyatda iste’dodli shaxmatchi, bu borada hatto mendan ham kuchli. Aytishim kerakki, 2021–2022-yillargacha u shaxmatga unchalik ko‘p vaqt ajratmasdi. Shaxmatni xobbi, deb bilardi. O‘yinlarga jiddiy e’tibor qaratmasdi. Boshqa ishlar bilan ko‘proq andarmon bo‘lardi. Shunchaki, u uzoq vaqt o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etmadi va biroz ko‘zdan panada bo‘ldi. Vaqt o‘tishi bilan uning xobbisi chinakam taqdirga, amaliy harakatga aylandi.
Bugunga kelib Javohir jahon shaxmatida ne-ne gigantlar orzu qilgan eng yuqori nuqtaga yaqinlashdi. Aynan shunday sharafga ega bo‘lganligining o‘ziyoq uni shaxmat tarixidagi eng iste’dodli besh shaxmatchidan biriga aylantirdi, deb o‘ylayman. Javohir bugun Kasparov va boshqa buyuk shaxmatchilar qatoridan o‘rin egalladi. Iste’dod jihatidan ulardan aslo qolishmaydi, - deya ta’kidladi Nodirbek.
Shuningdek, Nodirbek Sindorovning muvaffaqiyatlari unga qanday ta’sir qilganligi haqida so‘z yuritib, “2022-yilda men birinchi bo‘lib 2700 reyting marrasidan o‘tdim. 2025-yilgacha reyting bo‘yicha kuchli shaxmatchilar qatorida edim. Lekin Nomzodlar turniriga chiqa olmadim. Avvaliga yoshligim, keyinchalik tajribam yetishmagani bunga to‘sqinlik qildi. Javohir esa hammasini uddaladi. U dunyoning eng kuchlilarini mag‘lub etdi va haqli ravishda jahon shaxmat toji uchun chinakam da’vogarga aylandi. Oldinlari men Javohirdan bir qadam oldinda edim. Endi esa u mendan o‘zib ketdi va bu marraga birinchi bo‘lib erishdi. Uning ketma-ket g‘alabalari menga ikkinchi nafas berdi. Javohir buning uddasidan chiqish mumkinligini ko‘rsatdi, hammamizga yo‘l ochib berdi. Aynan Javohirning muvaffaqiyati faqat menga emas, barcha o‘zbek shaxmatchilariga katta ruhiy quvvat bag‘ishladi. O‘zimizga bo‘lgan ishonchni mustahkamladi”, - deya fikr bildirdi Nodirbek.
Darhaqiqat, o‘tgan yillar davomida o‘tkazilgan chempionatlar, birinchiliklar, turnirlar holatiga e’tibor qaratsak, hamisha asosiy o‘rinda Abdusattorov ko‘rinish berib kelgan. Kuchli ruhiy zarbalarni, bosimni hamisha Nodirbek qabul qilgan. Sindorov esa keyingi o‘rinda harakatlangan.
O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi, sportchilarning murabbiylari tomonidan ishlab chiqilgan ayni tizim, bunday yondashuv alaloqibat o‘z samarasini berganligi shaxmat olimpiadalari, jahon kubogi va chempionatlarida erishayotgan natijalarimizda, ko‘rsatkichlarda aks etayotganligi bilan e’tiborli bo‘lganligiga bugun barchamiz guvoh bo‘lib turibmiz.
Ishonamizki, amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar, olib borilayotgan izlanishlar natijasida joriy yilning 25-noyabr-15-dekabr kunlari Shveysariyaning Jeneva shahrida 2026-yilgi Jahon shaxmat toji uchun hindistonlik Gukesh Dommarajuga qarshi kechadigan muhim musobaqada Javohir Sindorov amalda dunyoning eng kuchli shaxmatchisi maqomiga ko‘tarilishi ortidan azaliy orzularning yorqin g‘alabasini tantana qilishimizni ta’minlaydi
To‘lqin Ro‘ziyev. O‘zA