Nobel mukofoti puli oshirildi
Nobel jamg‘armasi mukofot ta’sis etilganining 125 yilligi munosabati bilan 2026-yilgi sovrin jamg‘armasi miqdori oshirilganini e’lon qildi. Yangi qarorga ko‘ra, to‘lov summasiga 1 million shved kronasi – qariyb 101 000 dollar qo‘shildi. Endi har bir yo‘nalish bo‘yicha laureatlarga taxminan 1,2 million dollar topshiriladi.
Jamg‘arma ijrochi direktori Ganna Styorne ta’kidlashicha, moliyaviy ajratma oshirilishi uzoq muddat mukofot nufuzini qo‘llab-quvvatlash va vaqt o‘tishi bilan moliyaviy qiymat qadrsizlanib ketishining oldini olishga xizmat qiladi.
Nobel mukofotlari ilk bor 1901-yil topshirilgan bo‘lib, Alfred Nobel o‘z vasiyatida mukofotni besh asosiy soha – fizika, kimyo, fiziologiya yoki tibbiyot, adabiyot hamda tinchlikni mustahkamlashga qo‘shilgan hissa uchun berishni belgilab ketgan. 1968-yil Shvetsiya Markaziy banki tashabbusi bilan Alfred Nobel xotirasiga iqtisodiyot bo‘yicha ham alohida mukofot ta’sis etildi.
Eslatib o‘tamiz, 2012-yil jamg‘arma kapitali va moliyaviy barqarorligini saqlab qolish maqsadida mukofot pulini vaqtincha kamaytirgan. Keyingi yillar davomida esa to‘lov miqdori bosqichma-bosqich bir necha bor oshirildi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA