Niderlandiya bilan bog‘dorchilik va issiqxona yo‘nalishida hamkorlik kengaytiriladi
Qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, innovatsion yondashuvlarni kengaytirish hamda xalqaro tajribani o‘rganish agrar tarmoqni rivojlantirishning muhim omillaridan biri hisoblanadi. Bu borada ilg‘or xorijiy markazlar bilan hamkorlikni mustahkamlash muhim.
Niderlandiyaga amalga oshirilgan amaliy tashrif doirasida Agrosanoatni rivojlantirish agentligi direktori Nurali Abdullayev Niderlandiyaning yetakchi innovatsion markazlaridan biri “World Horti Center” vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligi sohalarida ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, innovatsion yechimlarni amaliyotga tatbiq etish, tajriba almashinuvini rivojlantirish hamda istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligi yo‘nalishlarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish va soha mutaxassislari malakasini oshirish yuzasidan fikr almashdi, deyiladi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi ma’lumotida.
Ma’lumot uchun, “World Horti Center” bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligi sohasida ta’lim, ilm-fan va biznesni birlashtirgan Niderlandiyaning yetakchi innovatsion markazlaridan biri hisoblanadi. Markaz zamonaviy agrotexnologiyalarni ishlab chiqish va ularni amaliyotga tatbiq etish borasida xalqaro miqyosda muhim o‘rin egallaydi.
Marhabo Hojiakbarova, O‘zA