O‘zbekiston – Niderlandiya agrar hamkorligi yangi bosqichga chiqmoqda
Toshkent davlat agrar universitetida O‘zbekiston va Niderlandiya o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan xalqaro simpozium bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbir ikki davlat o‘rtasidagi agrar aloqalar tarixida muhim bosqich sifatida baholanmoqda.
Simpozium O‘zbekiston delegatsiyasining Niderlandiyaga amalga oshirgan tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarning amaliy davomi bo‘lib, o‘zaro ishonch va manfaatlarga asoslangan strategik sheriklikni mustahkamlashga xizmat qildi. Tadbirda Niderlandiya karantin xizmati vakillari, shuningdek, ikki mamlakatning vazirlik va idoralari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, oliy ta’lim muassasalari va ishbilarmon doiralari ishtirok etdi.
Muhokamalar markazida qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, resurs tejovchi texnologiyalarni joriy etish hamda ilm-fan va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish masalalari turdi. Shu bilan birga, yangi investitsion loyihalarni shakllantirish va ilg‘or tajribalarni joriy etish bo‘yicha fikr almashildi.
[gallery-28733]
Ta’kidlanishicha, Niderlandiya qishloq xo‘jaligida innovatsion yondashuvlar va yuqori samaradorlik bo‘yicha dunyoda yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. O‘zbekiston esa boy agrar salohiyati va keng imkoniyatlari bilan mazkur tajribani samarali o‘zlashtirish uchun mustahkam asosga ega.
Simpoziumda fitosanitar xavfsizlikni ta’minlash, urug‘chilik tizimini rivojlantirish, issiqxona xo‘jaliklarini modernizatsiya qilish, meva-sabzavotchilikni kengaytirish hamda agrotexnologiyalarni joriy etish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi ta’limi va ilmiy tadqiqot sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish muhim vazifa sifatida qayd etildi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda agrar sohani isloh qilish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda Niderlandiya bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Raqamlar ham ijobiy dinamikani tasdiqlaydi. Taqdim qilingan ma’lumotlarga asosan, o‘tgan 2024-yilda o‘zaro savdo hajmi 3,2 million AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 8,3 million dollarga yetgan.
Tadbir doirasida qator kelishuv va memorandumlarni imzolash, shuningdek, aniq investitsion loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani ta’kidlandi. B2B uchrashuvlar va muzokaralar yangi qo‘shma tashabbuslarni shakllantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish hamda ilg‘or texnologiyalarni amaliyotga joriy etish uchun muhim zamin yaratdi.
Umuman olganda, mazkur xalqaro simpozium O‘zbekiston va Niderlandiya o‘rtasidagi uzoq muddatli va ishonchli hamkorlikni yanada mustahkamlab, agrar sohada innovatsion rivojlanish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA