Neft bozorida beqarorlik: tiklanish uzoqqa cho‘ziladi(mi)?
Eron atrofidagi mojaro boshlanganidan beri jahon neft bozori katta yo‘qotishlarga uchradi. Tahlilchilar hisob-kitobiga ko‘ra, qariyb 50 kun ichida ishlab chiqarilmagan neft hajmi 500 million barreldan oshib, umumiy zarar 50 milliard dollarga yetgan. Bu holat global energiya ta’minotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatib, bozorda beqarorlikni kuchaytirdi.
Asosiy uzilish Hurmuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat bilan bog‘liq bo‘ldi. Ziddiyat tufayli mazkur yo‘lak orqali neft tashish keskin cheklandi, bu esa dunyo bozorida ta’minotni qisqartirdi. Shu bilan birga, Fors ko‘rfazi davlatlarida ishlab chiqarish hajmi millionlab barrelga kamaydi.
Yo‘qotilgan neft hajmi ko‘lami jihatidan juda katta. Mutaxassislar bu miqdorni butun dunyodagi transport harakatini bir necha kunga to‘xtatishga teng deb baholamoqda. Shuningdek, bu AQSH yoki Yevropa iste’mol qiladigan bir oylik neft hajmiga yaqin ko‘rsatkich hisoblanadi.
Hatto sulhdan keyin ham tiklanish tez kechmasligi kutilmoqda. Ayrim neft konlari ish faoliyatini qayta tiklash uchun bir necha oy talab qilishi mumkin, infratuzilmaga yetkazilgan zarar esa yillab bartaraf etilmasligi ehtimoli bor. Shu sabab, energetika bozoridagi bosim yaqin vaqt ichida saqlanib qolishi taxmin qilinmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA