Hormuz bo‘g‘ozida tankerlar harakati to‘xtadi: global neft bozoriga ta’sir qanday bo‘ladi?
Yaqin Sharqda yuzaga kelgan harbiy keskinlik ortidan dunyoning eng muhim strategik dengiz yo‘llaridan biri — Hormuz bo‘g‘ozida neft tashuvchi tankerlar harakati deyarli to‘xtab qoldi.
Bu haqda Eronning "Fars" axborot agentligi ma’lum qilgan. Xalqaro kuzatuv tizimlari qayd etishicha, hududda kemalar harakati tezligi keskin pasayib, ayrim nuqtalarda batamom to‘xtagan.
Ommaviy axborot vositalari Yevropaning ayrim davlatlari o‘z bayrog‘i ostida suzayotgan tankerlarni xavfsizlik nuqtai nazaridan mazkur yo‘nalishdan vaqtincha foydalanmaslikka chaqirganini yozmoqda.
Ma’lumki, Hormuz bo‘g‘ozi orqali jahon neft eksportining salmoqli qismi tashiladi. Ushbu yo‘lakdagi har qanday uzilish xalqaro energiya bozorida narx keskin o‘zgarishiga sabab bo‘lishi mumkin. Tahlilchilar fikricha, agar shunday vaziyat uzoq muddat saqlanib qolsa, bu nafaqat neft narxi, balki global logistika tizimi va energiya ta’minoti zanjiriga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Natijada ko‘plab davlatlar uchun iqtisodiy xavf-xatar ortishi ehtimoldan xoli emas.
F. Yaxshiboyeva, O‘zA