Navoiyshunos olimning 100 yilligiga bag‘ishlandi
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, filologiya fanlari doktori Azizxon Qayumov tavalludining 100 yilligi munosabati bilan Guliston davlat universitetida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
1926-yil 19-yanvar kuni Qo‘qon shahrida tavallud topgan Azizxon Qayumov o‘zbek adabiyotshunosligida, xususan, Alisher Navoiy ijodini o‘rganishda yangi ilmiy yondashuvlarni shakllantirgan, navoiyshunoslikni yangi bosqichga ko‘targan yetuk olim sifatida e’tirof etiladi.

Tadbirni olib borgan universitetning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Kozim Qudratov olimning serqirra faoliyati, davlat va jamoat ishlaridagi xizmatlari hamda ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasini alohida ta’kidladi.

O‘zbek adabiyotshunosligi kafedrasi professori Muzaffar Mamatqulovning ma’ruzasida Azizxon Qayumovning boy ilmiy merosi, ayniqsa, navoiyshunoslik sohasidagi fundamental tadqiqotlari atroflicha yoritildi. Shuningdek, filologiya fakulteti dekani G‘ulom Shayzakov hamda kafedra dotsenti Oybek Normurodovlar ham olimning ilmiy maktabi, uning zamonaviy adabiyotshunoslik taraqqiyotidagi o‘rni haqida fikr bildirdilar.
Ta’kidlash joizki, Azizxon Qayumovning asosiy ilmiy izlanishlari Qo‘qon adabiy muhitini o‘rganishga qaratilgan bo‘lib, u mazkur yo‘nalishda fundamental tadqiqotlar yaratdi. Olimning «Maxmur» (1956), «Hoziq» (1957), «G‘oziy» (1959), «Saddi Iskandariy» (1975), «Alisher Navoiy» (1976, 1991), «Hayrat ul-abror» (1977), «Farhod va Shirin sirlari» (1979), «Nodir sahifalar» (1991), «Bu ohang ila bo‘lg‘aysen Naqshband» (1993) kabi asarlari, ayniqsa, Alisher Navoiy hayoti va ijodiy merosini chuqur o‘rganishda muhim ilmiy manba bo‘lib xizmat qildi.
Shu bilan birga, olim manbashunoslik sohasida ham samarali ish olib borib, ko‘plab o‘zbek mumtoz shoirlarining asarlarini ilmiy asosda nashrga tayyorladi va keng kitobxonlar ommasiga yetkazdi.

Olimning ko‘p yillik samarali mehnati munosib e’tirof etilib, u Beruniy nomidagi O‘zbekiston davlat mukofoti laureati bo‘ldi, shuningdek, «Shuhrat» medali va «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlandi.

Kechada filologiya fakultetining 1-bosqich talabalari faol ishtirok etib, olim hayoti va ijodiga bag‘ishlangan chiqishlar, she’riy kompozitsiyalar orqali tadbir mazmunini yanada boyitdilar.
Muxtasar aytganda, mazkur tadbir buyuk olim xotirasini yod etish, uning boy ilmiy-ma’naviy merosini keng targ‘ib qilish, yosh avlodni ilm-fan va ma’rifat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri