Zamonaviy bino va texnikalar
Sirdaryo viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tarkibidagi Sirdaryo tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limining ikki qavatli ma’muriy binosi mukammal ta’mirlash ishlaridan so‘ng foydalanishga topshirildi.
Loyiha doirasida bino zamonaviy talablarga mos ravishda to‘liq ta’mirlanib, ichki muhandislik tizimlari yangilandi, xizmat xonalari qayta jihozlandi hamda shaxsiy tarkib uchun qulay va samarali ish sharoitlari yaratildi. Loyihaning umumiy qiymati 2 milliard 412 million 353 ming so‘mni tashkil etdi. Qurilish-ta’mirlash ishlari “Sirdaryo qurilish savdo” MCHJ quruvchilari tomonidan sifatli amalga oshirildi.

Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari, polkovnik Sanjar Zuparov, Sirdaryo viloyat FVB rahbariyati, shaxsiy tarkib, mehnat faxriylari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbir davomida FVV tizimi shaxsiy tarkibi uchun zamonaviy yong‘in-qutqaruv texnikasi, maxsus uskunalar hamda xizmat avtomobillari tantanali ravishda topshirildi.

Yaratilgan bu sharoitlar favqulodda vaziyatlarga tezkor javob qaytarish imkoniyatlarini kengaytirib, aholi xavfsizligini ta’minlash va qutqaruv ishlari samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

– Yangi bino zamonaviy talablarga to‘liq javob beradi. Bu yerda yaratilgan sharoitlar — xizmat xonalarining qulay joylashuvi, zamonaviy aloqa va texnik imkoniyatlar, shuningdek, shaxsiy tarkib uchun yaratilgan maishiy sharoitlar xodimlarimizning tezkor va samarali faoliyat yuritishiga keng imkoniyat yaratadi, – deydi Sirdaryo viloyat FVB bo‘lim boshlig‘i, mayor G‘ayrat Abdurahmonov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri