Bugungi kunda yurtimizda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining mulkiy huquqlarini muhofaza qilish hamda ularning daxlsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.
Bunda 2024 yil 5 avgustda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonuni dasturilamal vazifasini bajarmoqda.

– Qonunga ko‘ra, endilikda yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqni rasmiylashtirish uchun idorama-idora sarson bo‘linmaydi, – deydi Davlat kadastrlari palatasi Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i Otabek To‘xtayev. – Mazkur qonun bilan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga taalluqli ma’lumotlar hamda hujjatlarni kelishish Kadastr agentligining avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshirilmoqda. Bu tizimga 15 ta vakolatli tashkilot ham tegishli ma’lumotlarini kiritib boradi. To‘plangan hujjatlarning to‘liqligi va qonuniyligi viloyat adliya boshqarmasi tomonidan tekshirib chiqiladi. Ijobiy xulosa qabul qilingan fuqarolarga esa SMS-xabarnoma yuboriladi.

O‘tgan davr mobaynida mazkur qonunning ijrosini ta’minlash maqsadida Davlat kadastrlari palatasi Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan ham bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 14 ming 109 ta ob’ekt xatlovdan o‘tkazildi. Bu esa joylardagi real holatni aniqlash, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish va kadastr hujjatlarini qonuniylashtirishga xizmat qilmoqda.
Xatlov natijalariga ko‘ra, 10 ming 812 ta ob’ekt Yagona kadastr axborot tizimi – “UZKAD” platformasida ro‘yxatga olingan. Ob’ektlarning 5 ming 792 ta esa maxsus “E’tirof” axborot tizimiga yuklandi.

Ushbu ob’ektlar yuzasidan huquqiy holatlar aniqlanib, tegishli bosqichlarga yo‘naltirildi. Mazkur jarayonlarga alohida mas’uliyat bilan yondashilib, fuqarolar manfaatlari ustuvorlik tamoyiliga asoslangan holda olib borilmoqda.
Ayni paytda ob’ektlar yuzasidan huquqiy e’tirof va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishlari ham olib borilmoqda. Xatlov natijalari va ko‘rib chiqish bosqichlaridan so‘ng xalq deputatlari viloyat kengashi tomonidan 35 ta holatda fuqarolarning yer maydonlariga nisbatan ijara huquqlari, bino va inshootlariga nisbatan mulk huquqlari qonuniy ravishda e’tirof etildi.
Ushbu huquqlar asosida kadastr hujjatlari rasmiylashtirilib, ular Davlat kadastr ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu esa fuqarolarga o‘z mulki ustidan qonuniy egalik qilish imkoniyatini yaratadi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri