Navoiy viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Navoiy shahridagi istirohat bog‘ida 19-sentabr - Butunjahon tozalik kuni munosabati bilan “Hayot uchun joy ajrating” shiori ostida ekoaksiya o‘tkazildi.
Aholining ekologik madaniyatini yanada oshirish, hududlarni chiqindilardan holi etish va bu borada xalqaro hamjamiyat tajribasini ommalashtirish maqsadida o‘tkazilgan aksiyada Navoiy viloyat Ekologiya bosh boshqarmasi, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi viloyat boshqarmasi, “Yosh iqlim chempionlari” loyihasi yoshlari, viloyat Yosh ekologlar harakati a’zolari, “Mironshoh komfort” va “Stimul Navoiy” MCHJ vakillari ishtirok etdi.

Musobaqa tarzida o‘tkazilgan aksiyasida ishtirokchilar 28 ta guruhga bo‘linib, 2 tonnadan ortiq chiqindi yig‘di.
Tadbir so‘nggida faol ishtirok etgan guruhlarga esdalik sovg‘alari va tashakkurnomalar topshirildi.
***
Navoiyda futbol maktablarining 2011-yilda tug‘ilgan o‘smirlari (U-15) ishtirokida “O‘zbekiston kubogi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri hamda viloyatlardan kelgan jami 14 ta jamoa ishtirokida 6 kun davomida kechgan musobaqa taktik kurashlar va hayajonli daqiqalarga boy bo‘ldi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni Navoiy viloyati Karmana tumanidagi futbol maktabi, 2-o‘rinni Toshkent viloyati futbol maktabi va 3-o‘rinni Namangan viloyati futbol maktabi jamoasi egalladi.
***

Navoiy viloyati Statistika boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-sentabr holatiga viloyatda chet el investitsiyalari ishtirokida 336 ta korxona va tashkilot faoliyat yuritmoqda. Ulardan 116 tasi qo‘shma va 220 tasi xorijiy korxonalardir.
Korxona va tashkilotlar soni bo‘yicha Xitoy (145 ta), Rossiya (39 ta), Turkiya (31 ta), Eron (15 ta) va Qozog‘iston (13 ta) yetakchilik qilmoqda.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri