2025 yilning 7-13 may kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro matematika va informatika fan olimpiadasida Navoiy viloyati jamoasi munosib ishtirok etdi.
Navoiy shahridagi Prezident maktabi o‘quvchilari Sardorbek Salimov informatika fanidan oltin, Temurbek Ubaydullayev esa kumush medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 1-son ixtisoslashtirilgan maktab internati o‘quvchisi Azamat Ergashev matematika fanidan bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

***
Markaziy bank Navoiy viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Oybek Chinqulov ishtirokida qiziltepalik tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
“Mikrokreditbank” Qiziltepa tumani filiali binosida o‘tkazilgan sayyor uchrashuvda tadbirkorlar tomonidan faoliyatlari bilan bog‘liq bo‘lgan 20 ga yaqin murojaat yo‘llandi.
Jarayonda kichik va o‘rta biznes vakillarining har bir murojaati tinglanib, ularni ijobiy hal etish choralari ko‘rildi. Murojaatlarning barchasi mas’ullarning alohida nazoratiga olindi.
Sayyor uchrashuvlar viloyatning barcha tuman va shaharlari kesimida o‘rnatilgan tartibda davom etmoqda.

***
“Mironshoh komford servis” MCHJ tomonidan Xatirchi, Navbahor, Konimex va Nurota tuman hududlaridagi qattiq maishiy chiqindilarni yig‘ish shoxobchalarida batareykalar uchun chiqindi qutilari o‘rnatildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, batareykalar tarkibida simob, qo‘rg‘oshin, kadmiy, nikel va boshqa og‘ir metalllar mavjud bo‘lib, ular yerga yoki suv manbalariga tushganda zaharli ta’sir ko‘rsatadi. Kundalik hayotimizda ishlatiladigan batareykalarning noto‘g‘ri utilizatsiya qilinishi atrof-muhitga, jumladan, yer osti suvlarini ifloslantiradi, o‘simlik va hayvonot dunyosiga ziyon yetkazadi, inson salomatligiga xavf soladi.
Shu sababli batareykalarni oddiy chiqindilarga tashlash mumkin emas. Batareykalarni to‘g‘ri yo‘naltirish tabiatga bo‘lgan munosabatning bir ko‘rsatkichi hisoblanadi.

***
Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasining tezkor nazorat guruhi hamda Qiziltepa tumani Ekologiya bo‘limi davlat inspektorlari tomonidan To‘dako‘l suv havzasida nazorat reyd tadbirlari o‘tkazildi.
Unda tumandagi Iftixor mahallasida yashovchi A.T. va U.G‘.lar tomonidan ovlash taqiqlangan davrda ko‘ldan sintetik to‘r yordamida 9 dona oqsila, 2 dona karas va bir dona ilonbosh baliqlarini ovlanganligi aniqlandi.

Holat yuzasidan huquqbuzarlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 90-moddasi 4-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 93 million 750 ming so‘m tabiatga yetkazilgan zarar belgilandi va tegishli tartibda ko‘rib chiqish maqsadida hujjatlar tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudga yuborildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri