Navoiy viloyati cho‘l hududlarini o‘zlashtirishda Misr tajribasidan foydalaniladi
Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov boshchiligidagi viloyat delegatsiyasining Misr Arab Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida suv resurslaridan samarali foydalanish, cho‘l hududlarini o‘zlashtirish va zamonaviy irrigatsiya texnologiyalarini joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Viloyat hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, delegatsiya a’zolari va Misr Suv resurslari va irrigatsiya vaziri Hani Suveylim o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilib, ikki tomonlama hamkorlikning amaliy yo‘nalishlari muhokama qilingan.
Uchrashuvda qayd etilganidek, Navoiy viloyati hududining katta qismi Qizilqum cho‘li bilan qoplangan. Bu esa, ayniqsa, Konimex, Tomdi va Uchquduq hududlarida yangi yerlarni o‘zlashtirishda suv resurslaridan oqilona va barqaror foydalanishni talab etadi. Bu borada Misr tajribasi Navoiy viloyati uchun alohida o‘ringa ega. Chunki Misrda ham katta hududlarni cho‘l maydonlari tashkil etadi va suv taqchil sharoitda yerlarni o‘zlashtirish, yerosti suvlarini o‘rganish, quduqlardan samarali foydalanish hamda zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha muayyan tajriba shakllangan.

Muzokaralarda ana shu tajribani Navoiy viloyati sharoitiga moslashtirish bo‘yicha qator amaliy takliflar ilgari surildi. Xususan, viloyatda istiqbolli cho‘l maydonini tanlab, Misr mutaxassislari ishtirokida uning gidrogeologik va iqtisodiy salohiyatini kompleks baholash masalasi ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, yerosti suvlarini qidirish, yangi quduqlar qazish va cho‘l hududlarini o‘zlashtirish loyihalariga Misr kompaniyalarini jalb etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Hamkorlik doirasida Misr Milliy suv tadqiqotlari markazi hamda O‘zbekistonning tegishli ilmiy muassasalari o‘rtasida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mutaxassislar almashinuvini tashkil etish va qo‘shma tadqiqotlarni amalga oshirish taklif etildi.

Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini aniqlashda esa mavjud quduqlarning suv sathi, debiti, minerallashuv darajasi va ularni ishlatishga sarflanayotgan energiya miqdorini kompleks o‘rganish muhimligi ta’kidlandi. Ayniqsa, bir kub metr suvning haqiqiy tannarxini hisoblash orqali suv va energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni belgilash mumkin.
Quyosh energiyasidan foydalanib quduqlarni ishlatish, zamonaviy tomchilatib va boshqa suv tejamkor sug‘orish tizimlarini joriy etish ham muzokaralarning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Bu kabi yondashuvlar suv resurslari cheklangan cho‘l hududlarida nafaqat suvni tejash, balki energiya xarajatlarini maqbullashtirish imkonini ham beradi.

Uchrashuv yakunida Navoiy viloyatini Misr Milliy suv tadqiqotlari markazi bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan birinchi hududiy amaliy maydonlardan biri sifatida belgilash taklifi bildirildi. Tomonlar mutaxassislar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, aniq amaliy loyihani shakllantirish va hamkorlikni izchil davom ettirish bo‘yicha kelishib oldilar.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri