Namanganlik madaniy meros fidoyisi e’tirof etildi
Ehtirom, e’tibor va e’zoz. O‘zbekiston Prezidentining 2026-yil 28-maydagi "Madaniyat, san’at va adabiyot sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida"gi farmoniga asosan ko‘p yillik samarali ilmiy-ijodiy faoliyati, milliy ma’naviyatimizni boyitishga qo‘shgan hissasi uchun bir guruh soha fidoyilari davlatimizning yuksak mukofotlari – unvon, orden va medallar bilan taqdirlandi.
Quvonarlisi, mazkur hujjatga ko‘ra, yurtimizda madaniyat, ma’naviyat va ijtimoiy hayot rivojiga qo‘shgan munosib hissasi, ko‘p yillik samarali mehnati hamda milliy qadriyatlarni asrash va targ‘ib etish yo‘lidagi xizmatlari uchun Namangan viloyati madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i Muhammadjon Qodirov “Shuhrat” medaliga munosib ko‘rildi.

Shu munosabat bilan Yangi Namangan tumanidagi “Pahlavon” sport majmuasida viloyat faollari hamda jamoatchilik vakillari ishtirokida tantanali tadbir o‘tkazildi. Marosim avvalida, mamlakatimiz rahbarining tegishli farmoni o‘qib eshittirildi. Namangan viloyati hokimi, senator Shavkat Abdurazzoqov medal sohibiga davlat mukofotini taqdim qildi.
E’tirof etish joizki, hukuqni muhofaza qilish idoralarida katta tajriba to‘plagan Muhammadjon Qodirov pensiyaga chiqqandan keyin ham yurtga jonsarakligini unutmadi. U 2019-yildan buyon Namangan viloyatida mavjud 300 ga yaqin moddiy madaniy meros ob’ektlariga bevosita mas’ul bo‘lgan tashkilotga rahbarlik qilib kelmoqda.

Ta’kidlab o‘tilganidek, Muhammadjon Qodirovning ko‘p yillik faoliyati viloyatda madaniy merosni asrab-avaylash, tarixiy qadriyatlarni tiklash va sohani rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ma’lumot o‘rnida, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti faoliyatini tashkil etish hamda moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida Namangan viloyati madaniy meros boshqarmasi tashkil etilib, unga tegishli shtat birligi ajratildi.
Hukumatning 2019-yil 4-oktabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan Namangan viloyatida joylashgan jami 274 moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk ob’ekti davlat muhofazasiga olingan. Shundan 152 tasi arxeologiya yodgorligi, 98 tasi arxitektura yodgorligi ob’ekti, sakkiztasi monumental san’at asari, yettitasi devoriy mozaika, 16 tasi diqqatga sazovor joyni tashkil etadi.

Mazkur tarixiy yodgorliklarning texnik xolati monitoringi ishlab chiqilib, moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk ob’ektlarining toifalari belgilandi. Jumladan, ularning 163 tasi respublika toifasidagi, 118 tasi esa mahalliy toifadagi ob’ektga to‘g‘ri keldi.
Boshqarma sa’y-harakati bilan madaniy meros ob’ektlarining egalik huquqi bo‘lgan kadastr hujjatlari yig‘ma jildini tayyorlashga kirishildi. Buning uchun avvalo ob’ekt maydonida o‘lchov ishlari shahar va tuman kadastrlar palatasining bo‘limlari tomonidan amalga oshirildi. O‘lchangan ob’ektlarning qizil chiziqlari shahar va tuman qurilish bo‘limlari tomonidan tasdiqlab muhrlandi. Hujjatlar yig‘ma jildini tayyorlash va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun har bir ob’ekt maydoni va bino inshooti asosida belgilangan tartibda to‘lovlar shakllantirildi. Qizil chiziq uchun ham mablag‘, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun ham respublikada belgilangan normativ asosida to‘lovlar to‘lanishi talab etiladi. Viloyatda mavjud kadastr hujjatlari mavjud bo‘lmagan 154 ob’ekt uchun kadastr hujjatlari, qizil chiziq ro‘yxatidan o‘tkazish uchun zarur mablag‘lar respublika byudjetidan ajratilgan 313 million mablag‘ hisobiga amalga oshirildi. Mavjud madaniy meros ob’ektlariga muhofaza etish va saqlashdagi zarur muhofaza belgisi o‘rnatish ishlari bajarildi.
Har bir dona muhofaza belgisi uchun 250 ming so‘mdan mablag‘ sarflandi. Birgina Pop tumanida joylashgan 29 ob’ektning arxeologiya yodgorligi uchun 100-200 metrgacha, arxitektura yodgorliklari uchun 50-100 metrgacha muhofaza hududini belgilash uchun o‘lchov ishlari bajarilib, bunga 150 million mablag‘ sarflandi.
– Mamlakatimizda milliy qadriyatlar, madaniy yodgorliklarni asrab-avaylash, o‘rganish va muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi o‘n yil ichida Prezidentimiz tomonidan sohamiz rivoji yo‘lida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Buning viloyatimizdagi yorqin samaralari sifatida To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Ishoqxon to‘ra Ibrat ziyoratgohi, Axsikent arxeologiya parki, Chortoq tumanidagi Sulton Uvays Qaraniy yodgorlik majmuasi, Chust tumanidagi Bibiona ziyoratgohi, Davlatobod tumanidagi “O‘n bir Ahmad” ziyoratgohi va Namangan shahridagi “Hazrat Mavlono” yodgorligida olib borilgan bunyodkorlik ishlari tufayli o‘tgan azizlar ruhi shod etildi, turizm salohiyati yanada yuksaldi, – deydi Namangan viloyati madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i, “Shuhrat” medali sohibi Muhammadjon Qodirov.
– Ushbu tarixiy obida va ziyoratgohlar dunyoning turli mintaqalaridan tashrif buyurayotgan sayyohlarning hayrati-yu havasini uyg‘otmoqda. E’tiborlisi shundaki, har yili mamlakatimizning har bir hududi, xususan Namangan viloyatidagi mavjud moddiy madaniy meros ob’ektlarining restavratsiya-tiklash ishlariga davlat byudjetidan mablag‘lar ajratilayotgani ham o‘tmishini unutmayotgan millat kelajagi uchun qayg‘urilayotganidan dalolat beradi.
Tantanali marosim yakunida so‘z olgan “Shuhrat” medali sohibi Muhammadjon Qodirov Yangi O‘zbekistonda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar hamda ko‘rsatilgan e’tibor va ehtirom uchun Prezidentimizga minnatdorlik izhor qildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA