Namanganlik dehqon Boysuntog‘ bag‘rida kartoshka yetishtirdi
Prezident topshirig‘i – amalda
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yil 16-iyunda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlat o‘rmon xo‘jaliklari balansidagi o‘rmon bilan qoplanmagan yerlardan samarali foydalanib, oziq-ovqat ekinlari yetishtirish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab berilgan edi.
Surxondaryo viloyatidagi Boysun davlat o‘rmon xo‘jaligi ham mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash yuzasidan muayyan ishlarni amalga oshirmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘rmon xo‘jaligi hududida 366,5 gektar o‘rmon bilan qoplanmagan lalmi yer mavjud. O‘tgan yil bu maydonlarning bir qismi yerlardan unumli foydalanib, oziq-ovqat ekinlarini parvarishlash uchun yaqin atrofdagi qishloqlar aholisiga shartnoma asosida taqsimlab berildi. Bu yil tumandagi Kengdala qishlog‘ining dengiz sathidan 2500 metr balandlikda joylashgan tog‘li hududida o‘zlashtirilgan yer maydonida ham kartoshka parvarishlash yo‘lga qo‘yildi.

Yashil boylik bilan qoplanmagan bu maydonning o‘n gektarini mahalliy dehqonlar emas balki, namanganlik usta dehqon Adhamjon Yo‘lchiyev o‘zlashtirib, tajriba sifatida kartoshka yetishtirdi. Buning uchun u 3,5 kilometr masofadan buloq suvini polietilen quvur orqali olib kelib, kartoshkazorni obi-hayot bilan ta’minladi. Jo‘yalardagi ekin poyasiga tuproq tortishni kanda qilmadi. Kuz eshik qoqishi bilan hosil ham pishib, yetila boshladi.

– So‘lim tog‘ qo‘ynida mehnat qilib, mahsulot yetishtirishning o‘z gashti bor, – deydi A.Yo‘lchiyev. – Dehqonchiligimizning dastlabki yilidayoq kartoshkadan mo‘l xirmon ko‘tarishni mo‘ljallayapmiz. Hisob-kitobimizga ko‘ra, gektaridan o‘rtacha 35 tonna hosil yig‘ib olmoqchimiz. Kartoshka pishib, yetildi. Foydalanilmay turgan bo‘z yerda yetishtirilgan mahsulotimizning ta’mi tilni yoradi. Shirin va mazali.

Tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Yunusbek Xoliyorovning aytishicha, endilikda Kengdala qishlog‘ining tog‘ yonbag‘irlarida foydalanilmay turgan o‘n gektar maydonda gilos bog‘i barpo etilib, 15 ming tup tog‘ iqlimiga mos gilos ko‘chati qadaladi.

Tog‘ yonbag‘irlaridan o‘zlashtirilayotgan yangi ekin maydonlarini suv bilan ta’minlash samaradorligini oshirish uchun membrana usulida sug‘orish tizimi yaratiladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri