Imkoniyat, sharoit va talab: Namanganda qo‘ychilik rivojlanmoqda
Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan bir maromda ta’minlashga alohida e’tibor qaratish oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Shu boisdan ham chorvachilik tarmog‘ini jadal rivojlantirish, zamonaviy va innovatsion uslublarni joriy etish hamda mazkur tarmoqqa ixtisoslashgan korxonalarni har jihatdan rag‘batlantirish dolzarb masala hisoblanadi.
Prezidentimizning 23-iyun kuni Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Namangan qo‘ychilik klasteri” faoliyati bilan tanishib, ushbu korxona tajribasi chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish, ichki bozorni sifatli go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlash va aholi bandligini oshirishda foydali ekanligini ta’kidlab, uni ommalashtirishga topshiriq berdi.
Mazkur loyiha Prezidentimizning 2020-yil 29-yanvardagi “Chorvachilik tarmog‘ini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan keng imkoniyatlar tufayli amalga oshdi. Qolaversa, majmua negizida zamonaviy logistika xizmatlari, veterinariya va servis shoxobchalari hamda mahsulotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishga mo‘ljallangan savdo nuqtalari barpo etiladi. Buning samarasi o‘laroq yaxlit va uzluksiz klaster zanjiri yaratiladi.

Yurtimizda chorvachilikka berilayotgan keng imkoniyatlar va imtiyozlardan foydalangan holda 2026-yilda To‘raqo‘rg‘on tumani Kumidon qishlog‘i hududidagi 10 gektarli maydonda chorvador tadbirkor A’zamjon Usmonov ta’sischiligida “Namangan qo‘ychilik klasteri” mas’uliyati cheklangan jamiyatga asos solindi. Umumiy qiymati 35 million dollar bo‘lgan klasterda elimiz dasturxoni uchun arzon va sifatli go‘sht mahsulotlarini yetkazib berishdek xayrli niyatni amalga oshirish yo‘lida astoydil ishga kirishildi.
Uch bosqichdan iborat yirik loyiha avvalida, besh gektar yerda qurilish-jihozlash ishlari amalga oshirildi, tez orada yana shuncha maydondagi rejalar ro‘yobga chiqadi. Klasterda bugungi kunda yuzdan ziyod ishchilar 1 ming 500 bosh jonivorni zamon talablari asosida parvarishlanmoqda. Kelgusida yuqori mahsuldorlikka ega bo‘lgan, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iz Respublikasidan keltirilgan “Arashan”, “Hisor” va “Adelbay” zotlarini mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish rejalashtirilgan. Yil nihoyasigacha ish o‘rinlari 280 taga va chorva 50 ming boshga yetkaziladi.

Tadbirkorning qayd etishicha, tashrif davomidagi muloqotda Prezidentimiz tomonidan klasterni xolding kompaniyasiga aylantirish topshirig‘i berildi. Ya’ni, 2027-yil oxiriga qadar chorvani 300 ming boshga ko‘paytirish vazifasi belgilandi. Klasterda joriy etilayotgan zamonaviy parvarish texnologiyalari va ilmiy yondashuv orqali go‘sht yetishtirish hajmi hamda sifatini sezilarli darajada oshirish imkoniyati mavjud.
Loyihaning texnologik ko‘rsatkichlariga ko‘ra, xorijdan olib kelingan 40-50 kilogramm vazndagi qo‘ylarni uch oy davomida intensiv usulda boqish orqali ularning vaznini 100 kilogrammgacha yetkazish mumkin. Bu har bir bosh qo‘ydan 60-70 kilogrammgacha sof go‘sht olish demak.

Natijada an’anaviy chorvachilikka nisbatan mahsuldorlik 45-50 foizga oshadi va loyiha to‘liq quvvat bilan ishga tushganidan keyin Namangan viloyatida yiliga 35-40 ming tonna sifatli go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarilishi ta’minlanadi.
– Bugungi kunda bir kilogramm mol go‘shtining narxi 130 ming so‘m, qo‘y go‘shti esa, 160 ming so‘mni tashkil qilmoqda. Ana shu narx-navolarni 20 foizga arzonlashtirish maqsadimiz bor. Buning uchun viloyatimizda 40 qanori go‘sht do‘koni ochildi, – deydi “Namangan qo‘ychilik klasteri” MCHJ rahbari A’zamjon Usmonov. – Keyinchalik yurtimiz bozorlariga ham go‘sht yetkazib beriladi. Qolaversa, kelgusi yildan boshlab, ilg‘or sanoatni jalb etgan holda, turli qo‘shimchalar bilan boyitilgan tabiiy o‘g‘it yiliga 50 ming tonna hamda ozuqa-yem esa, 200 ming tonna ishlab chiqariladi.
Darvoqe, klaster majmuasi negizida zamonaviy logistika xizmatlari, veterinariya va servis shoxobchalari hamda mahsulotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishga mo‘ljallangan savdo nuqtalari barpo etiladi. Natijada yaxlit va uzluksiz klaster zanjiri yaratiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.