Namanganda zamonaviy chorvachilik majmuasi barpo etilmoqda
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Yangi Namangan tumanida zamonaviy chorvachilik majmuasini barpo etish loyihasi amalga oshirilmoqda.
“Mustaqillikning 5 yilligi” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi adir yerlardan 10 gektari o‘zlashtirilib, bog‘ barpo etgan tadbirkor Alisher Kamolov hozirda mazkur hududda yangi chorvachilik kompleksi qurish ishlarini olib bormoqda.
Loyiha doirasida 850 bosh qo‘y boqishga mo‘ljallangan majmua qurilgan bo‘lib, ayni paytda 100 bosh zotdor qo‘y parvarishga kiritilgan. Yaqin istiqbolda qo‘ylar sonini 3 ming boshga yetkazish rejalashtirilgan.
Shuningdek, tadbirkor tomonidan qo‘ychilik yo‘nalishini kengaytirish barobarida 500 bosh zotdor echki, go‘sht va sut yo‘nalishida 2 ming bosh qoramolni ham kompleks tarkibiga qo‘shish mo‘ljallanmoqda. Tuxumchilik yo‘nalishida esa hozirda sinov tariqasida boqilayotgan 200 bosh zotli qora tovuq sonini 10 mingtaga yetkazish, go‘sht uchun 50 ming bosh broyler tovuq parvarishlash orqali parhez go‘sht va tuxum yetishtirish hajmini oshirish rejalashtirilgan.
[gallery-29077]
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov mazkur loyiha bilan tanishish maqsadida ushbu chorvachilik kompleksida bo‘lib, tadbirkor bilan suhbatlashdi hamda uning kelgusidagi kengaytirish rejalari bilan tanishdi.
Ta’kidlanishicha, aholi uchun oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ichki bozorlarda go‘sht va tuxum mahsulotlari narx-navosining barqarorligini saqlashda bunday yirik loyihalar muhim ahamiyat kasb etadi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA