FOTOREPORTAJ
Mamlakatimizda maktabgacha ta’lim sifatini oshirish, bolalar uchun qulay va zamonaviy shart-sharoitlar yaratish bugun davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Sohaga qaratilayotgan katta e’tibor keyingi yillarda qabul qilinayotgan qator farmon va qarorlarda ham o‘z aksini topmoqda.
Ezgu sa’y-harakatlarning amaliy natijalaridan biri sifatida Namangan shahrining “Ziyokor” mahallasida joylashgan eski 33-MTT o‘rnida 140 o‘ringa mo‘ljallangan yangi zamonaviy bolalar bog‘chasi qurib, foydalanishga topshirildi.
[gallery-24038]
“Tashabbusli byudjet” loyihasidan yutib olingan 2 milliard 370 million so‘mdan ortiq mablag‘ hisobiga qad ko‘targan muassasa barcha talablarga javob beradigan zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan.
Ochilish marosimida Namangan shahar hokimi Anvar Otaxo‘jayev, mahalla faollari, nuroniylar va sohaning tegishli vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan shahar hokimi ushbu maskanda bilimli, iqtidorli va zukko avlod voyaga yetishiga ishonch bildirdi. Yangi bog‘cha faqat ta’lim maskanigina emas, balki bolalarning har tomonlama rivojlanishi uchun munosib muhit yaratib beradigan markaz sifatida xizmat qilishi ta’kidlandi.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA