Maktabgacha ta’lim qamrovi oshmoqda
Mamlakatimizda, shu jumladan, Namangan viloyatida kelajak avlodni ruhan tetik, aqlan barkamol qilib tarbiyalash, maktabgacha bo‘lgan yoshdagi bolajonlarni ta’lim jarayoniga tayyorlash, bu boradagi qamrov ko‘lamini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugun zamonaviy bolalar bog‘chalarining nafaqat viloyat markazida, balki chekka va olis manzillarda ham qad rostlayotgani ko‘ngillarga surur bag‘ishlaydi.
Uychi tumanidagi Gulbog‘ mahallasida bundan 50 yil avval qurilgan pastqam, ko‘rimsiz imorat o‘rnida zamonaviy qiyofada barpo etilgan 46-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining yangi binosi hudud aholisi uchun chinakam tuhfa bo‘ldi.

Investitsiya dasturi asosida 3,6 milliard so‘m mablag‘ evaziga 120 o‘rinli bino bunyod etilgani natijasida muassasaning qiyofasi bugun tubdan o‘zgarib, ko‘rkam qiyofa kasb etdi. Mazkur maskanda “Yaponiya tajribasi”ni joriy etish maqsadida dastlabki jihozlash ishlari ham amalga oshirilmoqda.

Bog‘chaning tantanali ochilish marosimi chinakamiga bayramga aylanib ketdi. Tadbirda qatnashgan Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov gulbog‘liklarni zamonaviy bog‘cha foydalanishga topshirilgani bilan qutlab, ushbu maskanda ulg‘ayib, tarbiyalanadigan kichkintoylar kelajakda Vatanimiz rivojiga munosib hissa qo‘shadigan barkamol avlod bo‘lib yetishlarini tiladi.

Mehnat faxriylari, ota-onalar vakillari, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullari ishtirokida ramziy lenta qirqilib, bog‘chada yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar bilan yaqindan tanishildi.


Ta’kidlash joizki, Namangan viloyatida 2026-yilning yanvar oyi holatiga jami maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 4042 taga yetdi. Shundan 625 tasi davlat bog‘chasi, 3 ming 417 tasi xususiy, davlat-xususiy sheriklik asosidagi va oilaviy tipdagi nodavlat ta’lim tashkilotlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ularga viloyat shahar va tumanlarida istiqomat qiluvchi 3-7 yoshdagi 288 ming 317 boladan 225 ming 397 nafari yoki 78,2 foizi qamrab olindi. Birgina Uychi tumanida 2016-yilda 37 foiz bola bog‘chaga qamrab olingan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, ushbu ko‘rsatkich 97 foizdan ortdi. Ya’ni tumandagi 3-7 yoshli bolajonlardan 22 ming 351 nafari maktabgacha ta’limga jalb etildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA