Namanganda tibbiyotni raqamlashtirish ishlari tahlil qilindi
Hududlarda pullik tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi 14 ta shahar va tuman tibbiyot birlashmasida kassa moduli ishga tushirilib, faoliyat elektron nazoratga o‘tkazildi. 78 ta tibbiyot muassasasida “Muxlisa AI” va “TOP-3” sun’iy intellekt tizimlari joriy qilindi.
Respublika Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Olim Omonov namanganlik tibbiyot muassasalarining mas’ul mutasaddilari, axborot kommunikatsiya texnologiyalari xodimlari – operatorlar ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazdi.


Uchrashuvda qayd etilganidek, bugungi kunda Namangan viloyatida sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish jarayonlarida sohani raqamlashtirish, elektron axborot tizimlarini keng joriy etish va tibbiy xizmatlarni shu asosda nazorat qilish bo‘yicha ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Buni shu vaqtgacha viloyatdagi barcha davlat tibbiyot muassasalari hamda 440 ga yaqin dorixona va 390 dan ortiq xususiy klinika “DMED” tizimiga ulangani ham tasdiqlab turibdi.

Tadbirda shu kabi yutuqlar e’tirof etilgani holda, muayyan xato va kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi. Jumladan, ayrim “IT”-operatorlarda o‘z ustida ishlamaslik holatlari uchrayotgani, raqamli xizmatlar sifatini oshirishda xatoliklarga yo‘l qo‘yilayotgani tanqid qilindi.

Ayni shundan kelib chiqqan holda, muloqotda raqamli transformatsiya jarayonlarini izchil davom ettirish, zamonaviy axborot texnologiyalarini amaliyotga keng tatbiq qilish, mas’ul xodimlarning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash va raqamli xizmatlar sifatini oshirishga doir ustuvor vazifalar belgilab olindi. Mas’ullarga mavjud muammolarni tezkorlik bilan hal etish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

Uchrashuv yakunida, raqamlashtirish jarayonlarida faollik ko‘rsatib kelayotgan bir guruh operatorlar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.