Mingbuloq: tibbiyotda raqamlashtirish ishlari o‘rganildi
Mamlakatimizda tibbiyotni tubdan isloh qilish jarayonlarida raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, sog‘liqni saqlash sohasida elektron axborot tizimlari izchil joriy etilmoqda.
Namangan viloyatida ham bu xayrli ishga kirishilgan. Ammo, xali yangilik barcha muassasalarda to‘liq yo‘lga qo‘yildi, deyishga ertaga o‘xshaydi. Bu respublika Ishchi guruhi tarkibida axborotlashtirish mutaxassislari tomonidan Mingbuloq tumanida olib borilgan o‘rganishlar natijalari bo‘y ko‘rsatdi.
Dastavval, Namangan viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Abrorjon Alijonov ishtirokida Mingbuloq tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada “Dmed” axborot tizimi qanday tatbiq etilganligi ko‘rildi. Kuzatishlar chog‘ida fuqarolarni elektron qabulidan tortib, to tibbiy xizmat ko‘rsatishgacha bo‘lgan jarayonlar qanday borayotganligi nazoratdan o‘tkazildi.

Tibbiyotchilar va axborot texnologiyalari mutaxassislari har bir bosqichdagi faoliyatni zanjirma-zanjir ko‘zdan kechirdi. Bemor poliklinikaga kirgani zahoti elektron navbatga yozilishi, keyin esa tegishli tibbiy tekshiruvdan o‘tishi va shifokorlar qabuliga yo‘llanishida juda ko‘p kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Jumladan, poliklinikaga murojaat etuvchilarni elektron ro‘yxatga olishning o‘zida qator chalkashliklar bor.
Achinarlisi, elektron navbat tartibi to‘liq mavjud emas. Ultra tovush tekshiruvi, kardiolog qabuli, pullik xizmat ko‘rsatish va boshqa faoliyat yo‘nalishlarida ham “Dmed” axborot tizimi talablariga to‘liq rioya etilmayapti. Buning oqibatida elektron navbat va to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashrif bo‘yicha navbat asosida shifokor qabuliga kirishdagi tartibsizliklar fuqarolarni ranjitmoqda.

Markaziy shiofoxona faoliyatida “Dmed” axborot tizimi to‘laqonli tatbiq qilinmaganligi achinarlidir. Bemorlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat natijalari tizimda ko‘rinmaydi. Qisqasi, tumanda raqamlashtirish ishlaridan kutilgan samaraga erishilmayapti.

Shuning uchun Ishchi guruh tomonidan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi raqamlashtirish mutaxassislariga tuman tibbiyot birlashmasi shifoxona va poliklinika hamda oila shifokorlik punktlaridagi axborot kommunikatsion tarmoqlar ishini qayta ko‘rib chiqish va tizim ishini namunali yo‘lga qo‘yishda amaliy yordam ko‘rsatish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Tashrif davomida Ishchi guruhi vakillari tarafidan yangi axborot tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.