Namanganda istiqbolli korxonalar ko‘paymoqda
Respublikamizning sanoat, kichik biznes va tadbirkorlik markazi – Namangan viloyatida mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan amaliy ishlar natijasida istiqbolli korxonalar soni ortib borayotganligi quvonarlidir. Uychi tumanining Beruniy mahallasi hududida faoliyat yuritayotgan “Adonis Trading Textile” mas’uliyati cheklangan jamiyat ana shunday sub’ektlardan biri hisoblanadi.
Dastavval, noto‘qima matolar ishlab chiqarish bilan ishga kirishgan “Adonis Trading Textile” korxonasida hozirda sun’iy tola hamda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalari ham muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Buning natijasi o‘laroq, oltmishga yaqin yangi ish o‘rinlari yuzaga keldi.

Ayni paytda korxonada bir oyda bir tonnadan ortiq rezina mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, oyiga 360 ming metr noto‘qima mato tayyorlanib, uning ma’lum qismi eksportga yo‘naltirilmoqda.

Korxona tomonidan bugungi kunga qadar 280 ming dollarlik eksport amalga oshirildi. Bu, o‘z navbatida, mahsulotlarga tashqi bozorda ham talab yuqori ekanligini ko‘rsatmoqda. Yangi ishga tushirilgan zamonaviy sexda esa, 130 tonna xomashyo tayyorlash quvvati yaratildi.


Bunday sa’y-harakatlar to‘qimachilik yo‘nalishidagi korxonada ishlab chiqarish salohiyatini yanada oshirish, eksport hajmini kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim o‘rin tutmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.