Maktabgacha va maktab ta’limi: kelajak avlodni bilimli tarbiyalash asosiy vazifamizdir
Mamlakatimizning kuch-qudrati va salohiyati, qo‘lga kiritayotgan ulkan yutuq va marralar, kishi diliga joy bo‘lgan ezgu fazilatlarning bezavol manbalaridan biri bu – bilim-ma’rifat, tarbiya va madaniyatdir. Ta’limni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ertamiz egalariga munosib ta’lim va tarbiya berishdek ustuvor maqsadlar bilan yashayotgan Namangan viloyatida qanday amaliy ishlar olib borilmoqda. Bu haqda O‘zA muxbiriga Namangan viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sohibjon Ergashev quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Bog‘cha va maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘ygan har bir bola uchun bilimlar eshigi, mo‘’jizalar olamini ochadigan muhtaram o‘qituvchi va murabbiylar timsolida biz yangi shaxs, yangi avlod tarbiyachilarini ko‘ramiz. Zotan, elimiz azaldan ustozni ota-onadek ulug‘lab kelgan. Har birimizning hayotimizda bizga harf tanitgan, bilim bergan, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatgan, qalbimizda orzu va maqsad uyg‘otgan ustozlarimiz bor. Yillar o‘tadi, inson turli martabalarga erishadi, ammo, birinchi ustozining mehri va nasihatini hech qachon unutmaydi.
Bugungi kunda viloyatimizda 4 ming 790 ta’lim muassasasi, jumladan, 790 maktab, 3 ming 983 maktabgacha ta’lim tashkiloti, 15 “Kelajak” markazi, bolalar kutubxonasi va viloyat pedagogik mahorat markazi faoliyat yuritib kelmoqda.

Mavjud umumta’lim maktablarida 566 mingdan ziyod o‘quvchilarga 41 mingdan ortiq pedagoglar ta’lim-tarbiya bermoqda. Kadrlarning 97 foizi oliy ma’lumotga ega. Bu raqamlar ortida yuz minglab oilalarning umidi, farzandlarimizning kelajagi va, eng muhimi, ertangi kun turibdi.
Keyingi yillarda pedagogning jamiyatdagi mavqei va nufuzini oshirish maqsadida amalga oshirilgan islohotlar Namangan viloyatida ham o‘zining aniq samarasini bermoqda. 2026-yilning o‘tgan davrida 6 ming 222 oliy toifali; 9 ming 420 birinchi toifali; 9 ming 266 ikkinchi toifali pedagoglar faoliyat ko‘rsatdi. Shu davrning o‘zida oliy malakaga ega o‘qituvchilar soni 252 nafarga, birinchi toifalilar soni 268 nafarga, ikkinchi toifaga egalar soni esa 99 nafarga oshdi. Eng muhimi, 2017-yilda 834 nafar bo‘lgan oliy toifali pedagoglar soni bugun 6 ming 222 nafarga yetdi.

Bugun viloyatimizda 8 million so‘mdan yuqori oylik oladigan pedagoglar soni 1 ming 219 nafardan, 10 million so‘mdan yuqori maosh olayotganlar soni esa 511 nafardan oshdi. Ta’lim sifati va samaradorligida yuqori natija ko‘rsatgan 60 pedagog vazir jamg‘armasidan har oy 6, 4 million so‘mlik ustama olib kelgan bo‘lsa, yangi boshlangan o‘quv yilidan bunday pedagoglar sonini 100 nafarga yetkazish ko‘zda tutilgan.

So‘nggi yillarda Prezident maktablari tajribasi asosida mezonlarga asoslangan yangi baholash tizimini joriy etish bo‘yicha Namanganda katta tajriba to‘plandi. 2023–2024 o‘quv yilida ushbu tizim 28 ta maktabda boshlangan bo‘lsa, 2024–2025 o‘quv yilida 80 taga, o‘tgan o‘quv yilida esa 230 ta maktabga yetkazildi. Joriy o‘quv yilida yana 100 ta maktab ushbu tizimga qo‘shilib, ularning umumiy soni 330 taga yetkaziladi. O‘tgan o‘quv yilida yangi baholash tizimida samarali ishlagan 46 ta maktab rahbar va o‘qituvchilari 10 foizdan 40 foizgacha ustama olish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

Quvonarlisi shundaki, o‘quvchilarimizning fan olimpiadalaridagi natijalari alohida e’tirofga loyiq. O‘tgan o‘quv yili davomida namanganlik yosh o‘g‘il-qizlar mahalliy va xalqaro olimpiadalarda jami 19 medal sohibi bo‘ldi. Ulug‘bek Rahmatullayev, Jahongirshoh Avazxonov, Madina Karimjanova, Vazira Mamasoliyeva kabi iqtidorli farzandlarimizning nufuzli xalqaro maydonlardagi g‘alabalari butun Namangan ahlining g‘ururidir.
E’tiborlisi, shu aprel oyida Namanganda ilk bor tashkil etilgan Abu Ali ibn Sino nomidagi xalqaro biologiya olimpiadasida o‘ndan ortiq davlatlardan 100 ga yaqin bilimdonlar qatnashdi.

Bugun viloyatimizdagi 4 ming 340 nafar chet tili o‘qituvchisining 3 ming 597 nafari yoki 83 foizi “Cefr”, “Ielts” va boshqa sertifikatlarga ega. Yana bir quvonarli natija – 4 ming 662 nafar maktab o‘quvchisi chet tili bo‘yicha xalqaro sertifikat olgan. 20 ta o‘quvchimiz “Ielts” imtihonida 8 darajani qayd etgan. Hatto boshlang‘ich sinf o‘quvchilari orasida ham “Ielts” 5,5 natijaga erishgan bolajonlarimiz bor.
O‘tgan o‘quv yilida 41 ming 806 o‘quvchilar 11-sinfni tamomladi. Ularning 776 nafari oltin va kumush medallar bilan taqdirlandi. Bitiruvchilardan 4 ming 283 nafari muddatidan oldin oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi.
Qayd etish darkor, joriy yilning fevral oyidan boshlab Namangan viloyatidagi 17 ta maktab va 18 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida Yaponiya tajribasi asosida tarbiya jarayonlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlar boshlandi. Bu jarayonga kunchiqar o‘lkangdan mutaxassis-pedagog Goto Mikako jalb etildi. Olib borilayotgan hamkorlikdagi ishlarni yanada mustahkamlash hamda tajriba almashish maqsadida iyul oyida 30 nafar pedagogimiz Yaponiya davlatiga borib keldi.

Joriy yil iyun holatiga ko‘ra, Namangan viloyatida 3 ming 983 maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yuritib, 3-7 yoshdagi 304 ming 559 nafar bolaning 225 ming 288 nafari yoki 74 foizi qamrab olingan. 2025-yil yakunida 6 yoshli bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrovi 78,2 foizga yetgan. 2026-yilda esa 6 yoshli bolalar soni 70 ming 489 nafarga yetishi kutilmoqda.

Sifatli ta’lim talab qilish uchun, birinchi navbatda, ustoz va o‘quvchiga munosib sharoit yaratishimiz kerak. E’tirof etish lozimki, 2017-2025-yillarda Namangan viloyatida 707 ta’lim muassasasida qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. 2026-yil investitsiya dasturi doirasida yana 37 ilm maskanlarida 351 milliard 162 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari rejalashtirilgan. Shuningdek, “Tashabbusli byudjet” dasturining birinchi mavsumida 52 maktab va bog‘cha loyihasi g‘olib chiqib, ular uchun 65,6 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ tasdiqlangan.

2026-2027 o‘quv yilida oldimizda aniq vazifalar turibdi. Eng avvalo, har bir maktabda ta’lim sifati bo‘yicha shaxsiy mas’uliyat tizimi joriy etiladi. Past natija ko‘rsatayotgan sinf, fan va pedagog bilan manzilli ishlanadi. Qolaversa, yangi baholash tizimi joriy etiladigan maktablar sonini 330 taga yetkazish bilan birga, tizimning mazmun va metodikasini har bir o‘qituvchiga yetkazamiz. Oliy va birinchi toifali pedagoglar ulushini kamida 50 foizga yetkazish, pedagoglarni milliy va xalqaro sertifikatlarga tayyorlash bo‘yicha har bir hudud uchun alohida “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi.
Fan olimpiadalariga tayyorlash tizimi tubdan qayta ko‘rib chiqilib, har bir tumanda iqtidorli o‘quvchilar zaxirasi va kuchli trener-o‘qituvchilar jamoasi shakllantiriladi. Har bir maktab bitiruvchisini oliy ta’lim yoki aniq kasb bilan qamrab olishga erishish asosiy maqsadlarimizdan biridir.

Xorijiy til, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, muhandislik va kasb-hunar yo‘nalishlarini maktab ta’limining ustuvor qismlaridan biriga aylantiramiz. Inklyuziv ta’lim sifatini oshirib, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan har bir bolaga ta’lim olish uchun munosib sharoit yaratishga e’tiborni kuchaytiramiz.

Maktablarda davomat va tarbiya masalasida “maktab – oila – mahalla” hamkorligini kuchaytiramiz. Chunki sifatli ta’lim intizom, tarbiya va sog‘lom muhit bilan birga bo‘lgandagina natija beradi. Endilikda direktorning faoliyati binoda o‘tkazilgan tadbirlar soni bilan emas, o‘quvchilar bilimi, pedagoglar salohiyati va bitiruvchilar taqdiri bilan baholanadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.