Namanganda bank bosh yuristkonsultiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Namangan viloyatidagi banklardan birining bosh yuristkonsulti xizmat mavqeidan foydalanib, shaxsiy boylik orttirmoqchi bo‘ldi.
U Namangan shahridagi xususiy tibbiy klinikalardan biri mazkur bankdan 2021-yilda olgan 16,2 mlrd so‘m kredit mablag‘larini o‘z vaqtida to‘lay olmaganligi sababli, garov ta’minoti sifatida qo‘yilgan mulklarning auksion savdolariga chiqarilishini 5-6 oyga cho‘zib turish va keyinchalik ularni klinikaga qaytarib berish masalasini ijobiy hal etish evaziga 3 ming AQSH dollari talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda bosh yuristkonsult klinika rahbaridan so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar, kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelsangiz ДХХнинг 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.