Namangan va Yevropa Ittifoqi hamkorligi takomillashadi
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar boshchiligida Gretsiya, Finlyandiya, Ruminiya, Slovakiya va Latviya davlatlari elchilari, shuningdek, Bolgariya, Ispaniya va Polsha diplomatik vakolatxonalari vakillaridan iborat delegatsiya Namangan viloyatiga tashrif buyurdi.
Namangan shahridagi “Ma’rifat markazi”da nufuzli mehmonlar hamda Namangan viloyati hokimi, senator Shavkat Abdurazzoqov o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida izchil rivojlanib borayotgan munosabatlarni hududlar darajasida mustahkamlash, ko‘hna qit’a kompaniyalari va investorlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, investitsiya, eksport, turizm, “yashil” texnologiyalar, zamonaviy agrotexnologiyalar, raqamlashtirish, ta’lim va kasbiy tayyorgarlik ikki tomonlama aloqalarda istiqbolli yo‘nalishlar sifatida ahamiyatga ega.

O‘zaro muloqotda Namanganning bu boradagi mavjud iqtisodiy salohiyati va o‘sish ko‘rsatkichlariga ham e’tibor qaratildi. So‘nggi besh yilda viloyat yalpi hududiy mahsuloti 3,1 barobarga oshdi. 8,5 milliard dollardan ziyod to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilinib, bugungi kunda Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar sarmoyasi ishtirokida 19 qo‘shma va xorijiy korxona faoliyat yuritmoqda.

Yevropa bozori bilan savdo aloqalari ham kengayib bormoqda. Xususan, 2020-yilda Yevropaga eksport hajmi 10 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda 36 million dollarga yetdi. 2026-yilning o‘tgan sakkiz oyida esa Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 120,8 million dollar, eksport hajmi 46 million dollarga to‘g‘ri kelmoqda. Ayni paytda o‘sish faqat raqamlarda emas, eksport geografiyasida ham aks etmoqda. 2020-yilda 85 mahalliy korxona ittifoqqa a’zo sakkizta davlatga mahsulot eksport qilgan bo‘lsa, o‘tgan davrda 215 korxona 18 davlat bozoriga mahsulot yetkazib berdi.
Muzokaralarning asosiy jihati – kelgusi hamkorlik bo‘yicha aniq takliflar ilgari surilgani bo‘ldi. Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlar bilan yettita ustuvor yo‘nalishda amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklif etildi.

Xususan, Yevropa moliya institutlari bilan Namangan uchun investitsiya loyihalari portfelini shakllantirish, Finlyandiya bilan zamonaviy agrotexnologiyalar, “yashil” texnologiyalar va ta’lim, Ispaniya hamda Gretsiya bilan agrosanoat va turizm, Slovakiya bilan avtomobilsozlik va kasb-hunar ta’limi, Polsha hamda Ruminiya bilan agrosanoat va oziq-ovqatni qayta ishlash yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikrlar almashildi. Latviya bilan esa raqamli iqtisodiyot, elektron tijorat, axborot kommunikatsiya texnologiyalari, raqamli davlat xizmatlari va zamonaviy ta’lim texnologiyalari bo‘yicha hamkorlik qilish taklif etildi.
O‘z navbatida, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi rahbari Toyvo Klaar va elchilar ham so‘z olib, tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik masalalari xususida fikr bildirdi.

Muzokaralar davomida mehmonlarga Namangan viloyatining investitsiyaviy salohiyati hamda an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinadigan Xalqaro “Gullar festivali”ga bag‘ishlangan videolavha namoyish etildi.
Uchrashuv yakunida bildirilgan takliflarni amaliy loyihalarga aylantirish, Yevropa kompaniyalari va moliya institutlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish hamda Namangan va Yevropa Ittifoqi davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli, ishonchli va uzoq muddatli hamkorlikni yanada kengaytirish muhim ekanligi ta’kidlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.