O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi hamkorligi yanada kengayadi
Toshkentdagi Xalqaro biznes markazida 29 iyun kuni O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimi loyihasi bo‘yicha muzokaralarning sakkizinchi davrasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Obidov, Yevropa tashqi harakatlar xizmati, Rossiya, Sharqiy sheriklik, Markaziy Osiyo, mintaqaviy hamkorlik va Yevropada xavfsizlik va xamkorlik tashkiloti masalalari bo‘yicha ijrochi direktori o‘rinbosari Lyuk Devin hamda O‘zbekiston va YeIning tegishli idoralari vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimi bo‘yicha muzokaralarning joriy holati va kelgusida ijrosini ta’minlash bilan bog‘liq rejalar muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan keng ko‘lamli ijobiy o‘zgarishlar natijasida mamlakatimizning xorijiy davlatlar, jumladan, Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik aloqalari rivojlanib bormoqda.

Shu bois, Yevropa tomoni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, Toshkent bilan ikki tomonlama aloqalarni kengaytirishga muhim ahamiyat berilishini ma’lum qildi.
– Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo davlatlari bilan strategik sheriklikni mustahkamlashga katta e’tibor qaratmoqda. Jumladan, O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy va boshqa qator sohalarda hamkorlik rivojlanmoqda. Yig‘ilishda ikki tomonlama hamkorlik holati ko‘rib chiqildi. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar bizni mamnun qiladi.

O‘zbekistondagi demokratik islohotlarni va tashqi siyosatdagi olib borayotgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaymiz. Mamlakatingiz Afg‘onistonda barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha ijobiy ishlarni amalga oshirmoqda. YeI tomoni O‘zbekiston bilan o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlashga tayyor, – dedi Lyuk Devin.
Tadbirda O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida imzolanajak bitim o‘zaro munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishi ta’kidlandi. Shuningdek, qator sohalarda sheriklik aloqalarini yanada rivojlantirishga keng imkoniyatlar yaratishi qayd etildi.
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA