Namangan – Koreya: tashabbuslar o‘z samarasini beradi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim siyosiy-diplomatik voqea bo‘ldi. Oliy darajadagi muzokaralarda O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro ishonch va amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Mazkur jarayonlarda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi delegatsiyaning faol ishtiroki alohida ahamiyat kasb etdi. Davlat idoralari hamda ishbilarmon doiralar vakillaridan iborat delegatsiyaning Koreyadagi uchrashuvlari oddiy tanishuv va shunchaki tadbirlar bilan cheklanib qolmadi.
Poytaxt Seul shahrida o‘tkazilgan “O‘zbekiston – Koreya” birinchi hududlararo forumi bu borada muhim maydon bo‘ldi. Unda viloyat delegatsiyasi ham ishtirok etib, Namanganning iqtisodiy salohiyati, demografik imkoniyatlari, sanoat, agrar taraqqiyoti va logistika imkoniyatlari koreys hamkorlariga taqdim qilindi. Viloyat hokimi tomonidan jadal rivojlanayotgan hudud sifatidagi imkoniyatlar, investitsiya uchun yaratilayotgan sharoitlar va yangi loyihalar haqida bildirilgan fikrlar Namanganning xorijiy investorlar uchun jozibadorligini yana bir bor namoyon etdi.

Delegatsiyaning Sonnam shahrida olib borgan muzokaralari hududlararo hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab berdi. Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov hamda Sonnam shahri meri Shin San Jin ishtirokidagi uchrashuvda o‘zaro aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilinib, Sonnamning sun’iy intellekt, yarimo‘tkazgichlar, raqamli texnologiyalar va startaplar sohasidagi tajribasi Namangan uchun ayniqsa ahamiyatli ekanligi ta’kidlandi.
Uchrashuvda yuqori texnologiyali va innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalar, zamonaviy “IT” parklar tashkil etish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash va tajriba almashish masalalari bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, Sonnamning shaharsozlik va ekologik boshqaruv sohasidagi ilg‘or tajribasini Namanganda tatbiq etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

E’tiborlisi shundaki, Sonnam shahri rahbariyati va ishbilarmonlari Namanganga, xususan, kelasi yilda o‘tkaziladigan 66-xalqaro “Gullar festivali”ga taklif etildi. Bunday takliflar viloyatning xalqaro imijini mustahkamlash, turizm va madaniy diplomatiya imkoniyatlarini kengaytirish bilan birga, xorijiy ishbilarmonlarni Namangan salohiyati bilan bevosita tanishtirish uchun ham muhim platforma bo‘lishi shubhasiz.
Namangan delegatsiyasining Seuldagi “Kind — Korea Overseas Infrastructure & Urban Development Corporation” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuvi ham alohida ahamiyat kasb etdi. Korporatsiya vitse-prezidenti Von Byong Chul bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda “Yangi Namangan” shaharchasini barpo etish loyihasi taqdim qilindi. Ushbu loyiha zamonaviy ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi bilan bir qatorda, ekologik toza hududlar, sanoat klasterlari, savdo va ijtimoiy ob’ektlarni qamrab olgan “Smart City” konsepsiyasiga asoslanishi bilan o‘rin tutadi.

Muzokaralarda Koreyaning energiya tejamkor texnologiyalari va ilg‘or standartlarini Namanganda qo‘llash, davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalarni amalga oshirish, Koreya investitsiya fondlari va xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Yo‘l-transport tizimi, suv tozalash inshootlari va yashil energiya ta’minoti bo‘yicha koreys tajribasidan foydalanish rejalari esa “Yangi Namangan” loyihasining kompleks xususiyatini ko‘rsatadi. Koreya tajribasini o‘rganishning yana bir amaliy natijasi baliqchilik sohasida ko‘zga tashlandi.

Namangan viloyati delegatsiyasi “Aqua Plaza & Jang Hang Fish Farm” zamonaviy “aqlli baliqchilik” kompleksi faoliyati bilan tanishdi. O‘rganilgan texnologiyalar asosida viloyatda yangi avloddagi yirik baliqchilik klasterini tashkil etish bo‘yicha Namangan viloyati hokimligi, “U.K. Global Network” kompaniyasi hamda mazkur korxona o‘rtasida uch tomonlama anglashuv va hamkorlik memorandumi imzolandi.

Namangan delegatsiyasi Koreyaning Xonson shahridagi yirik agrosanoat majmualari faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Tashrif doirasida hududda chorvachilik va parrandachilik tarmoqlarini rivojlantirishga qaratilgan yangi investitsion loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
Muzokaralar davomida xorijiy hamkorlarning yirik ob’ektlaridagi ish jarayoni va ilg‘or texnologiyalari o‘rganildi, xususan, "Seongcheong Farm"da zamonaviy parrandachilik va sutni qayta ishlash kompleksining innovatsion texnologiyalari hamda uzluksiz ishlab chiqarish zanjiri ko‘zdan kechirildi. "Baekgwang food" — yirik chorvachilik majmuasida chorva mollarini parvarish qilish, yuqori sifatli ozuqa tayyorlash va mahsuldorlikni oshirish tizimi tahlil qilindi.

Amaliy ishlarning navbatdagi bosqichi sifatida, koreyalik investorlar va mutaxassislar yaqin vaqt ichida Namangan viloyatiga tashrif buyurishi belgilandi. Ular xomashyo bazasi va logistika imkoniyatlarini bevosita o‘rganib chiqqandan so‘ng, qo‘shma loyihani amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha keyingi chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

Koreyaga tashrif chog‘ida Namangan davlat texnika universiteti hamda Sharqiy Osiyodagi ta’limga ixtisoslashtirilgan yirik kompaniya – “Sangyoo group” bilan o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu kelishuvga ko‘ra, Janubiy Koreyada talab yuqori bo‘lgan ish o‘rinlari va nufuzli oliy ta’lim muassasalarida uchinchi bosqichdan o‘qishni davom ettirish imkoniyatini beruvchi Seul xalqaro texnika texnikumi Namangan davlat texnika universiteti qoshida ochiladi. Markaziy Osiyoda yagona bo‘ladigan, 2027 o‘quv mavsumidan faoliyatini boshlashi kutilayotgan texnikumda koreys tajribasi asosida dars mashg‘ulotlari tashkil etiladi.

Uchrashuvda koreyalik investor Bang Xiyon Ming, Namangan davlat texnika universiteti rektori Oybek Ergashev, Namangan viloyati hokimining maslahatchisi Sherzod Tursunov va “IT Park” Namangan filiali rahbari Ikromjon Abdullajonov ishtirok etdi.
Tomonlar kelgusida kompaniya vakillarining Namangan viloyatiga tashriflari, o‘zaro keng ko‘lamli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda yirik koreys kompaniyalari loyihalarini autsorsing asosida Namangan viloyatida tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.

E’tiborlisi, delegatsiyaning uchrashuvlarida hamkorlikning bir nechta ustuvor yo‘nalishi bir vaqtning o‘zida qamrab olindi. Investitsiya va savdo, zamonaviy shaharsozlik, yashil energetika, suv ta’minoti, raqamli va axborot kommunikatsiya texnologiyalart, “startap”lar, qishloq xo‘jaligi hamda oziq-ovqat sanoati bularning barchasi Namanganning kelgusi iqtisodiy o‘sishi uchun muhim tarmoqlardir.
Muloqotlardan hududlararo sheriklikka, sheriklikdan investitsiyaga, investitsiyadan esa yangi ishlab chiqarish va zamonaviy infratuzilmaga o‘tish uchun muhim qadamlar tashlandi. Endi bu tashabbuslarning izchil davomi Namangan zaminida aks etishi shubhasiz.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.