Nagoyada Osiyo o‘yinlari: katta sport bayramiga start berildi
Nagoya shahrida XX Osiyo o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Toshkent vaqti bilan soat 14:00 da «Paloma Mizuho» stadionida boshlangan tadbir bilan qit’aning nufuzli sport forumiga rasman start berildi.
Tantanali marosimda Osiyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan sportchilar, murabbiylar, rasmiylar va sport delegatsiyalari ishtirok etdi. Milliy delegatsiyalarning paradi, badiiy chiqishlar va musobaqaning ramziy tadbirlari ochilish marosimiga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Osiyo Olimpiya kengashi shafeligida o‘tkazilayotgan mazkur musobaqada 45 davlatdan 11 ming nafardan ziyod sportchi ishtirok etmoqda. 16 kun davom etadigan Osiyo o‘yinlarida sportning 43 turi va 71 yo‘nalishi bo‘yicha 469 ta dastur doirasida 1 ming 407 ta medal jamlanmasi uchun bahslar o‘tkaziladi.
Sportchilarning qit’aning eng yirik sport maydonlaridagi bahslari oldidan o‘tkazilgan ochilish marosimi ishtirokchilar uchun o‘ziga xos bayram tadbiriga aylandi. Tadbir davomida Osiyo sport harakatining birdamligi va sport orqali do‘stlik, hamkorlik hamda o‘zaro hurmatni mustahkamlash g‘oyalari namoyon etildi.
[gallery-31519]
Musobaqalarda O‘zbekiston delegatsiyasi ham sportning qator turlarida yurtimiz sharafini himoya qiladi. Sportchilarimiz Osiyo o‘yinlarining turli dasturlarida munosib ishtirok etib, yuqori natijalar uchun bahs olib boradi.
O‘zA fotomuxbiri Sarvar O‘rmonov Aichi-Nagoyadan xabar beradi