Na xarid qilish, na ijaraga olish mumkin: Ispaniyada nima bo‘lyapti?
Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches mamlakatda uy-joy inqirozi kuchayib, hukumat zarur choralar loyihasini parlamentdan o‘tkaza olmagach, 29-noyabrga muddatidan oldin parlament saylovini belgiladi. Bu qaror iqtisodiyot o‘sib, bandlik 2008-yildan beri eng yuqori darajaga chiqqan bir paytda qabul qilindi.
Ispaniya yalpi ichki mahsuloti 2025-yil 2,8 foiz o‘sdi, joriy yil 2,4 foizlik o‘sish kutilyapti. Aholi bu ko‘rsatkichni kundalik hayotda bir xil darajada his qilmayapti: mehnat unumdorligi past, inflyatsiya yuqori va uy-joy narxi 2014-yildan beri muntazam oshib kelyapti. Ayniqsa, yirik shaharlar, sayyohlik hududlarida uy xarid qilish yoki ijaraga olish qiyinlashgan. Yevropa Komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, ijtimoiy uy-joy mamlakatdagi umumiy uy-joy jamg‘armasining atigi 1,5-1,7 foizini tashkil etadi, YeIda esa bu ko‘rsatkich 6-7 foiz atrofida.
Iqtisodiyotning asosiy tayanchlaridan biri turizm bo‘lib qolmoqda: 2026-yil yanvar-iyul oylarida Ispaniyaga 58,1 million xorijlik sayyoh kelgan. Ularning xarajati 82 milliard yevrodan oshdi. Sentyabrda inflyatsiya qariyb 5 foizga yetib, yevro hudud o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori bo‘ldi. Hukumat uy-joy inqiroziga qarshi ikki qarorni parlamentda ratifikatsiya qila olmagach, Sanches parlamentni tarqatishga qaror qildi. 29-noyabrdagi saylovda iqtisodiy o‘sish bilan bog‘liq raqamdan ko‘ra, aholining uy-joy va turmush xarajati muammolari qay darajada hal etilishi asosiy mavzuga aylanadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA