Ijara narxi ispanlarni ipotekaga undamoqda
Ispaniyada uy ijarasi narxlari shunchalik oshib ketdiki, aholining katta qismi endi ipoteka orqali uy sotib olishni moliyaviy jihatdan maqbulroq, deb hisoblamoqda. “Fotocasa Research” tadqiqotiga ko‘ra, ispanlarning 71 foizi hozirgi sharoitda har oy ijara to‘lashdan ko‘ra ipoteka to‘lovini amalga oshirish foydaliroq, degan fikrda.
Tadqiqot mualliflari bu holatni ijara bozoridagi keskin nomutanosiblik bilan izohlamoqda. Uy-joy xarid qilish hamon qimmat va boshlang‘ich mablag‘ni jamg‘arish oson emas. Ijara haqining muttasil o‘sishi ko‘pchilikni uzoq muddatli ipotekani afzal ko‘rishga undamoqda.
So‘rovnoma yana bir xavotirli tendensiyani ham ko‘rsatdi. Ishtirokchilarning 56 foizi mamlakatda yangi ko‘chmas mulk “pufagi” shakllanayotganidan xavotirda. Shu bilan birga, har ikkinchi ispan ijarada yashashni “pulni shamolga sovurish” deb hisoblaydi.
Ekspertlar fikricha, bu vaziyatga 2023-2025-yillarda ipoteka kreditlarining arzonlashishi va ijara narxlarining rekord darajada o‘sishi sabab bo‘lgan. Yevropa Markaziy banki yaqinda asosiy foiz stavkasini oshirgani ipoteka kreditlarini yana qimmatlashtirishi mumkin. Bu esa Ispaniya uy-joy bozoridagi vaziyatni yanada murakkablashtirishi ehtimoldan xoli emas.
Musulmon Ziyo, O‘zA