Oʼzbekiston amaliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi muxofaza hududidagi qurilish ishlari va uning madaniy merosga taʼsiri yuzasidan brifing oʼtkazildi.
Unda Madaniy meros agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Tursunali Qo‘ziyev ijtimoiy tarmoq faollarining biri tomonidan “Diplomat Polovsovning uyi” (O‘zbekiston amaliy san’ati va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi) arxitektura yodgorligi muhofaza hududida olib borilayotgan qurilish ishlari va uning madaniy meros ob’ektiga salbiy ta’siriga oid murojaati yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston amaliy san’ati va hunarmandchiligi tarixi davlat muzeyi Toshkentning qoq markazida, “Polovsovlar uyi” deb nomlanuvchi tarixiy binoda joylashgan ushbu muzey mamlakatning eng muhim madaniy markazlaridan biridir.
Muzeyning tarixi 19-asrning oxirida, rus diplomati va kolleksioneri Aleksandr Polovsov ushbu saroyni sotib olib, qayta qurgan paytdan boshlanadi. Sharq madaniyati bo‘yicha mutaxassis Mixail Andreyev yordamida ular uyni haqiqiy me’morchilik durdonasiga aylantirdi.
O‘zbekistonning turli hududlaridan taklif etilgan ustalar tomonidan yog‘och o‘ymakorligi, naqqoshlik, kulolchilik va ganch bezaklarining noyob namunalari yaratildi. Binoning chinakam durdonasiga aylangan ustunli markaziy zal va favvora alohida e’tiborga loyiq. 1937 yilda binoda hunarmandchilik muzeyi joylashgan bo‘lib, keyinchalik u Davlat amaliy san’at muzeyiga aylandi.

Muzey kolleksiyasida 9 ming 705 ta eksponat mavjud, asosiy fondi 7 ming 906 tani tashkil etadi. To‘plamda hunarmandchilik san’atining keng qamrovini o‘z ichiga olgan 20 xil kolleksiya mavjud. Ko‘rgazmadan xalq hunarmandlarining uch avlodi tomonidan yaratilgan yog‘och o‘ymakorligi, kulolchilik, zargarlik, zardo‘zlik, kashtachilik va boshqa hunarmandchilik namunalari o‘rin olgan. Muzeyning eng qadimgi eksponatlari milodiy II-XII asrlarga oid sopol buyumlardir.
Ushbu ob’ektni saqlash va moddiy-texnik bazani mustahkamlash uchun davlat tomonidan muntazam ravishda amaliy yordam ko‘rsatib kelinmoqda.
Muzey restavratsiya laboratoriyasi bilan jihozlangan, zamonaviy texnik uskunalar xarid qilingan.
Madaniy meros agentligi tomonidan to‘plamni boyitish uchun muntazam ravishda yangi eksponatlar sotuvi yo‘lga qo‘yilgan. 2024 yilda muzeyga qariyb 80 ming mehmon tashrif buyurdi va uning daromadi 1,8 milliard so‘mdan ortiqni tashkil etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida muzey yirik xalqaro ko‘rgazmalarda faol ishtirok etib, O‘zbekiston madaniy merosini jahon miqyosida namoyish etmoqda. Muzey ko‘rgazmalari Parij, Doha va Bokuda namoyish etilib, jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.
Ayni paytda yangi xalqaro loyihalarga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Yaqin kelajakda Ostona va Budapeshtda ko‘rgazmalar tashkil etish rejalashtirilgan.
Muzey respublika bo‘ylab hududiy ko‘rgazmalar tashkil etib, milliy hunarmandchilik san’atini ommalashtirishga xizmat qilmoqda.
Muzey o‘quv dasturlarini o‘tkazish orqali muzey mutaxassislarining malakasini oshirishga hissa qo‘shadi. 2024 yil fevral oyida mazkur muzey Qoraqalpog‘istonda muzey xodimlarining malakasini oshirish loyihasini amalga oshirishga yaxshigina ko‘maklashmoqda.
Madaniy meros agentligi ushbu ob’ektni muzey yaqinida olib borilayotgan qurilish ishlarida yetkazilishi mumkin bo‘lgan salbiy ta’siridan faol himoya qilmoqda. 2024 yil oktyabr oyida Yakkasaroy tumani Yunus Rajabiy mahallasida yashovchi fuqarolar “Tarim inshaat invest group” MCHJ tomonidan olib borilayotgan qurilish ishlaridan noroziligini bildirib, Yakkasaroy tumanlararo sudiga qurilish ishlarini to‘xtatish talabi bilan murojaat qilgan.
Madaniy meros agentligi “Tarim inshaat invest group” MCHJ tomonidan olib borilayotgan qurilish ishlarini to‘liq to‘xtatish va unga berilgan ruxsatnomalarni bekor qilish maqsadida tegishli sudlarga da’vo arizalari kiritdi.
Ushbu muzey nafaqat madaniy qadriyatlar ombori, balki madaniy turizmni rivojlantirish, xalqaro madaniy almashinuvni mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim markazdir.
Ushbu noyob chuqur falsafiy ma’noga ega bo‘lgan detallar bilan boyitilgani unga o‘ziga xos joziba baxsh etmoqda. Ko‘pchilik bilmaydiki, Polovsov uyi tantanali zalining ikki eshigi tepasidagi ikki koshinga Hofiz Sheroziyning so‘fiyona hikmati o‘yib yozilgan: “Dunyo ikki eshikli karvonsaroyga o‘xshaydi, biridan kiriladi, ikkinchisidan chiqiladi. Va har kuni bu karvonsaroyga yangi-yangi mehmonlar keladi“. Bu so‘zlar go‘yo muzeyning mohiyatini aks ettirib, uning devorlarida to‘xtovsiz davom etayotgan vaqt oqimi va madaniy almashinuvni barchamizga eslatib turadi. Xuddi karvonsaroy kabi, muzey ham O‘zbekistonning boy madaniy merosini bilishga intilgan har bir kishi uchun o‘z eshiklarini ochadi.
N.Usmonova, O‘zA