“Mustaqillik to‘yi” davom etadi
Kattaqo‘rg‘on shahridagi Amir Temur mahallasida Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan “Mustaqillik to‘yi” festivali doirasida yoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi.
Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Samarqand viloyati bo‘limi va shahar hokimligi mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda yaqinda davlatimiz rahbarining yoshlar bilan uchrashuvida bildirilgan fikrlar, ilgari surilgan tashabbuslar haqida batafsil ma’lumot berildi. Bugungi kunda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ularning bandligini ta’minlash, kasb-hunar o‘rganishi va tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlar hamda ulardan foydalanish tartiblari tushuntirildi. Shuningdek, uchrashuv davomida yoshlarning muammolari, taklif va tashabbuslari tinglandi.
– Prezidentimizning shu yil 1-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori asosida iyul oyidan boshlab viloyatimizning barcha tuman va shaharlarida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz” shiori ostida “Mustaqillik to‘yi” festivallari o‘tkazilmoqda, – deydi Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Samarqand viloyati bo‘limi rahbari Xolbek Ko‘bayev. – Avvalgi yillardan farqli o‘laroq bu yil mazkur tadbirlar faqat uchrashuv va ma’naviyat targ‘ibotchilarining chiqishlaridan iborat bo‘lmayapti, balki aholining barcha qatlami qamrab olingan holda ularning yoshi, ish faoliyati va orzu-intilishlariga mos tadbirlar, ochiq muloqotlar, adabiy-badiiy kechalar uyushtirilmoqda. Xususan, “Mustaqillik kinokarvoni”, “Rahbar va yoshlar uchrashuvi”, “Ayol qadri ulug‘langan yurt”, “So‘z”, “Mustaqil O‘zbekiston – g‘ururim, iftixorim”, “Adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlik”, “Yangi O‘zbekiston taronasi”, “Bir Vatan – turli millat ohangida”, “Sharafli yo‘l”, “Mustaqillik soati” kabi o‘ndan ortiq loyihalar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunga qadar 460 ga yaqin mahallalarda “Mustaqillik to‘yi” festivallari o‘tkazildi va bu tadbirlarda 45 ming nafarga yaqin aholi vakillari ishtirok etdi.

Yaqinda respublika hukumatining Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va o‘sish sur’atlarini ta’minlashga bag‘ishlangan yig‘ilishida Kattaqo‘rg‘on hamda Bulung‘ur tumanlarida “Mustaqillik to‘yi” festivali tadbirlari sust tashkil etilayotgani tanqid qilingandi.
– Mazkur holat ikki tuman mas’ullari ishtirokida muhokama qilinib, hokimlar tomonidan tasdiqlangan reja-jadval asosida mahallalarda tashkil etilayotgan tadbirlarning qanday o‘tayotgani, saviyasiga e’tibor qaratildi, – deydi X.Ko‘bayev. – Jumladan, Kattaqo‘rg‘on tumanida shu paytgacha 36 ta mahalla aholisi uchun festival tadbirlari o‘tkazilgan va sentabr oyiga qadar yana 33 ta mahallada “Mustaqillik to‘yi” tashkil etilishi kerak. Mas’ullarga tadbirlarni keng aholi qatlami ishtirokida, qiziqarli va yodda qoladigan darajada o‘tkazish yuzasidan topshiriqlar berildi. Bulung‘ur tumanida ham shu vaqtgacha 24 mahallada tadbirlar o‘tkazilgan va dastur bo‘yicha yana 25 mahallada “Mustaqillik to‘yi” tashkil etilishi lozim. Har bir mahallada tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha tuman tashkilotlari rahbarlari mas’ul etib belgilangan. Mas’ullarga festivalni o‘tkazish bilan bog‘liq vazifalar, e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar eslatildi.


Bundan tashqari, ayni paytda viloyatning barcha tuman va shaharlaridagi ko‘chalar, bog‘ va xiyobonlar, korxona va tashkilotlar, mahallalar binolari bayramga munosib tarzda bezatilib, targ‘ibot materiallari joylashtirilmoqda.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri