Bolalar quvonchi bayramoldi tadbirlariga ulandi
Mustaqillik bayrami yaqinlashgan sari yurtimizning barcha hududlarida shodiyonalar, xayrli tashabbuslar va ezgu amallar ko‘lami kengayib bormoqda. Boyovut tumanida o‘tkazilgan tadbirlarda ham bugungi osoyishta va farovon hayotning eng katta qadriyati — inson, uning qadri va manfaati ustuvor ekani yana bir bor namoyon bo‘ldi.
Tumandagi “Shukrona” tantanalar saroyida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida 39 nafar bolajon uchun xayriya sunnat to‘yi o‘tkazildi.
Mazkur tantanaga milliy qadriyatlarimiz va an’analarimiz ruhi singdirildi. To‘y bolalar milliy liboslar kiyishib, kattayu kichikning olqishi va ezgu tilaklari og‘ushida bayram qildilar.


Bolalarning yuzidagi beg‘ubor tabassum, ko‘zlaridagi hayajon va quvonchni ko‘rib, ularning ota-onalari ham hayajonga tushishdi. Zero, farzandining baxti va quvonchi har bir ota-ona uchun eng katta ne’mat. Ana shu quvonchni oilalar bilan baham ko‘rish, ularni qo‘llab-quvvatlash va e’tibor ko‘rsatish tadbirning asosiy mazmunini tashkil etdi.
Tadbirda Boyovut tumani hokimi Niyoz Hazratqulov ishtirok etib, bolajonlar va ularning ota-onalarini Mustaqillikning 35 yilligi bilan tabrikladi. Yosh avlodga mustahkam sog‘lik, baxtli bolalik, porloq kelajak tilab, ularning Vatanga sadoqatli, bilimli va munosib insonlar bo‘lib kamol topishlarini bildirdi.
Tantanada nuroniylarning duolari ham yangradi. Ular yurt tinchligi, el farovonligi, xonadonlar fayzi va farzandlar kamoli uchun ezgu niyatlar bildirishdi.


Albatta, bolajonlarning quvonchi shu bilan tugamadi. Sunnat to‘yi tumanning Sohil mahallasi hududidagi istirohat bog‘ida Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan umumxalq bayramiga ulandi.
Bu yerdagi manzarani bir so‘z bilan — shodiyona deyish mumkin. Tuman aholisi bilan birga qo‘shni hududlardan, respublikamizning turli go‘shalaridan tashrif buyurgan mehmonlar, shuningdek, Boyovut tumanida faoliyat yuritayotgan xorijiy davlat vakillari ham bayram tadbirida ishtirok etishdi.
Istirohat bog‘i odamlar bilan gavjum. Sahnada yangrayotgan kuy-qo‘shiqlar, dilbar raqslar, bolalarning sho‘x kulgisi va tomoshabinlarning olqishlari bayramga yanada fayz bag‘ishladi. Poytaxtdan tashrif buyurgan taniqli san’atkorlarning chiqishlari esa shodiyonaga yanada ko‘tarinki ruh baxsh etdi.


Bir qarashda, bu oddiy bayram tadbiri bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Ammo uning zamirida katta ma’no bor. Chunki Mustaqillik yillarida yurtimizda amalga oshirilgan o‘zgarishlarning asl mezonini odamlarning hayoti, kayfiyati va ertangi kunga bo‘lgan ishonchlari belgilaydi.
Boyovut tumanida ham so‘nggi yillarda ta’lim, tibbiyot, ijtimoiy soha, yo‘l va infratuzilma, obodonlashtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Mahallalar qiyofasi o‘zgarib, aholi uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda. E’tiborlisi, bu jarayonlar odamlarning kundalik hayotida o‘z aksini topyapti.
— Mustaqillikning 35 yilligi — oddiy sana emas. Shu yillar davomida yurtimizda, jumladan, Boyovut tumanida ham katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. Ta’lim, tibbiyot, ijtimoiy soha, mahallalar qiyofasi yangilandi. Yo‘llar, infratuzilma ob’ektlari barpo etilmoqda. Eng muhimi, bu ishlar zamirida inson qadri va uning manfaatlari mujassam. Bugun 39 nafar bolajon uchun o‘tkazilgan sunnat to‘yi ham, istirohat bog‘idagi Mustaqillik shodiyonasi ham ana shu ezgu islohotlarning mantiqiy davomidir. Tuman aholisi bu quvonchli kunni katta xursandchilik bilan qarshi oldi. Bunday to‘y va tantanalar mustaqil, ozod, obod va tinch yurtga yarashadi, — deydi xalq deputatlari Boyovut tumani Kengashi deputati Karomat Karimova.


Darhaqiqat, Mustaqillikning eng katta qadrini balandparvoz so‘zlardan emas, oddiy insonlarning hayotidagi o‘zgarishlardan izlash mumkin. Farzandining to‘yini ko‘rib quvongan ota-ona, shodon kulgan bola, duoga qo‘l ochgan nuroniy — bayramning haqiqiy qahramonlaridir.

Eng asosiysi, Boyovut tumanida 39 nafar bolajonning quvonchi bilan boshlangan tantana butun el shodiyonasiga ulandi. Bu bayram Mustaqillikning 35 yilligi shunchaki tarixiy sana emas, balki tinch va osoyishta hayot, inson qadri, xalq farovonligi hamda ertangi kunga ishonch timsoli ekanini yana bir bor namoyon etdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri