Mustaqillik – mashaqqatli yo‘l sarhisobi va kelajakka qo‘yilgan qadamlar ko‘zgusi
Mustaqillikning 35 yilligi
O‘zbekiston o‘z mustaqilligining 35 yillik shonli yubileyini qarshi olar ekan, mamlakatimiz miqyosida kechayotgan jarayonlar faqatgina bayram kayfiyati bilan cheklanib qolmaydi. Bu sana – mustaqillik yillarida bosib o‘tilgan mashaqqatli va sharafli yo‘lning chuqur sarhisobi, erishilgan yutuqlarning salmog‘i va eng muhimi, kelajakka qo‘yilgan ishonchli qadamlarning tahliliy ko‘zgusidir.

Ayniqsa, oxirgi o‘n yillik mamlakatimiz hayotida chinakam sifat o‘zgarishlari davri bo‘ldi. Bu davr ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi eskirgan “qolip”lardan voz kechib, mutlaqo yangi, zamonaviy, ochiq va demokratik jamiyat qurish sari tashlangan shiddatli qadamlar bilan tarix sahifalariga yozildi. Mamlakatda boshlangan tub islohotlar ko‘lami, tezligi jihatidan bugun jahon hamjamiyati, xalqaro ekspertlar va moliya institutlari tomonidan ham e’tirof etilmoqda.
Bu faqatgina statistik raqamlarda emas, balki har bir fuqaroning kundalik hayotida, oilasida, ko‘chasi va mahallasida yaqqol sezilmoqda. Xalqimizning ongu tafakkuri o‘zgarib, ertangi kunga bo‘lgan ishonchi mustahkamlandi. Uchinchi Renessans – ma’rifatli jamiyat poydevorini qurish g‘oyasi bugun shunchaki shiorga emas, balki kundalik amaliy harakatimizga aylandi.
Bugun istalgan davlatning qudrati, xalqaro maydondagi obro‘si va fuqarolarining farovonligi birinchi navbatda uning iqtisodiy salohiyati bilan belgilanadi. Oxirgi o‘n yil ichida O‘zbekiston o‘z iqtisodiy siyosatini tubdan qayta ko‘rib chiqdi. Ilgari mavjud bo‘lgan sun’iy to‘siqlar, yopiqlik kayfiyati va iqtisodiyotning davlat tomonidan haddan tashqari tartibga solinishi amaliyotidan bosqichma-bosqich voz kechildi.
Bu boradagi eng muhim qadamlardan biri – 2017-yildan boshlab milliy valyutaning erkin konvertatsiyasi joriy etilishi bo‘ldi. Hal bo‘lmaydigandek ko‘ringan bu muammoning bartaraf etilishi mamlakat iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishning asosiy yo‘lini ochib berdi. Ishbilarmonlar, eksportchilar va xorijiy investorlar uchun erkin, shaffof bozor muhiti yaratildi. Shu bilan birga, O‘zbekistonning xalqaro moliya bozorlariga faol kirib borishi, milliy yevrobondlarning xorijiy birjalarda joylashtirilishi mamlakatimizning moliyaviy imkoniyatlarini butun dunyoga namoyon etdi.
Shuningdek, so‘nggi o‘n yillikda iqtisodiyotning harakatlantiruvchi kuchi sifatida xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Biznes yuritishdagi ortiqcha byurokratik to‘siqlar, turli tekshiruvlar va sun’iy cheklovlar keskin qisqartirildi. Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-qoidalari soddalashtirildi.
Eng muhimi, xususiy mulk daxlsizligi konstitutsiyaviy va qonuniy jihatdan qat’iy kafolatlandi. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha yangi institutsional mexanizmlar yaratildi. Buning samarasi o‘laroq, mamlakatimizda minglab yangi xususiy korxonalar, xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish sub’ektlari tashkil topdi. Mamlakat yalpi ichki mahsulotida xususiy sektorning ulushi sezilarli darajada oshdi.
Shu bilan birga, an’anaviy tarmoqlar bo‘lgan tog‘-kon sanoati, energetika, qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik sanoati zamonaviy texnologiyalar asosida tubdan yangilandi. Qishloq xo‘jaligida klaster tizimining joriy etilishi mahsulot yetishtirishdan tortib to uni qayta ishlab, tayyor holda eksport qilishgacha bo‘lgan zanjirni to‘liq qamrab oldi va yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish imkonini berdi.
Dunyoda kechayotgan global iqlim o‘zgarishlari va ekologik chaqiriqlarga javoban O‘zbekiston “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish strategiyasini qat’iyat bilan amalga oshirmoqda. Respublikamizning turli hududlarida, xususan, Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo, Jizzax va Toshkent viloyatlarida yirik quyosh hamda shamol elektr stansiyalari barpo etilmoqda. Bu loyihalar nafaqat ichki energiya ehtiyojlarini qondirish, balki kelajak avlodlar uchun ekologik toza va barqaror energiya xavfsizligini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
Yangi O‘zbekistondagi islohotlarning bosh g‘oyasi – “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyildir. So‘nggi o‘n yil ichida amalga oshirilgan barcha islohotlarning markazida aynan inson, uning turmush farovonligi, sog‘lom va xavfsiz muhitda yashashi, ta’lim olishi hamda ertangi kunga ishonchi turadi.
Jumladan, O‘zbekiston tarixida ilk bor kambag‘allikni qisqartirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Mamlakatda faqatgina yordam berish emas, balki insonlarni og‘ir ahvoldan chiqarish, ularni kasb-hunarli qilish, bandligini ta’minlash orqali daromad manbai bilan ta’minlash siyosati yuritildi. “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” tizimlari orqali har bir oila va fuqaroning muammosi manzilli ravishda o‘rganilib, amaliy yordam ko‘rsatildi.
Ijtimoiy nafaqalar va pensiyalar miqdori muntazam ravishda oshirib borildi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksalar va yetim bolalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutlaqo yangi, zamonaviy ijtimoiy xizmatlar tizimi yaratildi.
Qolaversa, O‘zbekistonning shahar va qishloqlari qiyofasi tanib bo‘lmas darajada o‘zgardi. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlari asosida respublikamizning eng chekka hududlarida ham ichimlik suvi, elektr ta’minoti, tabiiy gaz, raqamli aloqa va yo‘l-transport infratuzilmasi yaxshilandi. Zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasalari, madaniyat va sport majmualari qad rostladi. Har bir mahallada “mahalla yettiligi” tizimining joriy etilishi mahalliy muammolarni bevosita joyida hal qilish imkonini berdi.
Shu bilan birga, jamiyatda insonparvarlik tamoyili muhim o‘rin egalladi. Turli hayotiy vaziyatlar hamda adashishlar sababli jamoatdan ajralib qolgan, biroq qilgan ishidan chin dildan pushaymon bo‘lgan minglab fuqarolarning taqdiriga ijobiy yondashildi. Muhtaram Prezidentimizning farmonlariga ko‘ra amalga oshirilgan afv etish institutining muntazam qo‘llanilishi jamiyatda bag‘rikenglik, kechirimlilik va hamjihatlik muhitini mustahkamladi. Bu minglab oilalarga quvonch bag‘ishlab, insonlarning jamiyatga to‘laqonli qaytishini ta’minladi.
Xulosa qilib aytganda, oxirgi o‘n yillikda mamlakatimizda amalga oshirilgan shiddatli va tub islohotlarning amaliy natijasi o‘laroq, Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy ochiqligi, ijtimoiy himoyaning kuchaygani va eng asosiysi, “Inson qadri uchun” g‘oyasi hayotga to‘laqonli tatbiq etilganini yaqqol ko‘rsatdi. Bu esa xalqimizning ertangi kunga bo‘lgan qat’iy ishonchini mustahkamlab, yurtimizni Uchinchi Renessans sari ishonchli va barqaror qadamlar bilan boshlab bormoqda.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi