Yashil shahar va toza ekologik muhit — barqaror rivojlanishning muhim sharti
Shu kunlarda yurtimizda “Barqaror rivojlanish maqsadlari” oyligi o‘tkazilmoqda. Mazkur oylik doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi va O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi hamkorligida “Barqaror shaharlar va xavfsiz aholi yashash muhitini shakllantirish” mavzusida konferensiya o‘tkazildi.
— Mamlakatimizda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi islohotlar doirasida shaharlar va aholi yashash punktlarining xavfsizligi va ekologik barqarorligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash sifatini yaxshilash, gender tenglikni ta’minlash, ijtimoiy himoya mexanizmlarini kuchaytirishga qaratilgan ishlar izchil amalga oshirilmoqda, — dedi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi raisi X.G‘afforov. — Yashil shahar va ekologik muhitni shakllantirish barqaror rivojlanishning muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Mamlakatimizda bu borada amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida shaharlarda bog‘lar, xiyobonlar, yashil yo‘laklar va yashil belbog‘larni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilyapti. Shuningdek, shaharlar bosh rejalari va batafsil rejalashtirish loyihalarini tuzishda majburiy tartibda hududning kamida 30 foiz qismini yashil maydonlar (parklar, sayr yo‘laklari, bog‘lar) sifatida loyihalash talabi joriy etildi.
Ta’kidlanganidek, BRMning 11-maqsadi shaharlar va aholi yashash punktlarining ochiqligi, xavfsizligi va ekologik barqarorligini ta’minlashga qaratilgan. Bu maqsadlar yo‘lida birgina 2025-yilda davlat byudjetidan 31 trln. so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangan bo‘lib, bu davlat byudjeti xarajatlarining 8,1 fozini tashkil etadi.
Bundan tashqari, ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish infratuzilmasini rivojlantirish uchun oxirgi 8 yilda qariyb 20 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan. Ushbu mablag‘lar hisobidan 36 ming kilometrdan ortiq ichimlik va oqova suv tarmoqlari tortilgan, 3,5 mingdan ziyod inshootlar qurilgan va rekonstruksiya qilingan. Natijada aholining markazlashtirilgan ichimlik suvi ta’minoti bilan qamrov darajasi 63 foizdan 82,8 foizga yetkazilgan. 5,6 mln. nafar aholi ilk bor markazlashtirilgan ichimlik suvi bilan ta’minlanib, 13,9 mln. nafar aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilangan.

Muhokamalarda shaharlarda transport tizimini barqaror rivojlantirish, jamoat transporti jozibadorligini oshirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Barcha hududiy markazlarda transport “Master reja”lari asosida yo‘lovchi oqimlari o‘rganilib, Toshkent shahrida 170 ta, Nukus shahri va viloyat markazlarida 248 ta yangi yo‘nalish tarmog‘i shakllantirilgan. 2023-2025-yillarda 2 ming 651 ta zamonaviy avtobus, jumladan 646 ta elektrobus xarid qilinib, yo‘nalishlarga joylashtirilgan.
Qayd etilganidek, bugungi kunda respublika bo‘yicha jamoat transporti yo‘nalishlari soni 3 ming 370 taga yetgan. Ushbu yo‘nalishlar orqali 9 ming 331 ta mahalla fuqarolar yig‘ini qamrab olingan bo‘lib, jamoat transporti qamrovi 98,8 foizni tashkil etmoqda.
Konferensiyada ta’kidlanganidek, urbanizatsiya, iqlim o‘zgarishi va ekologik muammolar aholi uchun xavfsiz, qulay, ekologik toza, energiya samarador va iqlim o‘zgarishlariga chidamli yashash muhitini yaratish borasidagi kompleks chora-tadbirlarni jadal davom ettirish lozim. Bu borada energiya samaradorligini oshirish, “yashil mahalla”larni tashkil etish, piyoda va velosiped infratuzilmasini kompleks rivojlantirish bo‘yicha qator amaliy takliflar ilgari surildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA