Musiala ketma-ket ikki o‘yinda hushini yo‘qotishiga nima sabab bo‘lganini ma’lum qildi
Musiala 15-avgust kuni «RB Leypsig»ga qarshi o‘rtoqlik bahsida hushini yo‘qotgandi. Kecha «Xaydenhaym» bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ham xuddi shunday holat takrorlandi.
«Bavariya» yarim himoyachisi Jamal Musiala so‘nggi uchrashuvlarda o‘zini yomon his qilgani sababini tushuntirdi. Futbolchiga nevrologik buzilish oqibatida yuzaga keladigan qisqa muddatli absans holatlari tashxisi qo‘yilgan.
Musiala 15-avgust kuni «RB Leypsig»ga qarshi o‘rtoqlik bahsida hushini yo‘qotgandi. Kecha «Xaydenhaym» bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ham xuddi shunday holat takrorlandi.
Futbolchi Instagram’dagi sahifasi orqali muxlislarga murojaat qilib, ayni paytda o‘zini yaxshi his qilayotganini bildirdi.
«Avvalo, men bilan hammasi joyida. Xabarlaringiz va qo‘llab-quvvatlashingiz uchun barchangizdan minnatdorman.
Ko‘pchilik men uchun xavotirda ekanini tushunaman. Shu sababli vaziyatga oydinlik kiritmoqchiman. Menda nevrologik disfunksiya tufayli yuzaga keladigan, qisqa davom etuvchi va davolash mumkin bo‘lgan absanslar aniqlandi. «Leypsig» hamda «Xaydenhaym»ga qarshi o‘yinlardagi voqealar shuning oqibati bo‘lishi mumkin.
Bu holat tashqaridan qo‘rqinchli ko‘rinishini bilaman. Hozir u hayotimning bir qismiga aylangan, biroq men yuqori darajadagi tibbiy yordam olyapman va kelajakka optimistik qarayapman. «Bavariya» hamda yaqinlarim meni to‘liq qo‘llab-quvvatlamoqda.
Sog‘lig‘im uchun hech qanday xavf yo‘qligini alohida ta’kidlashni istayman. Mutaxassislar bilan yaqindan hamkorlik qilgan holda odatiy hayotimni davom ettirish va futbol o‘ynash tuzalishimga eng ko‘p yordam beradi. Nevrologlar ham bunga ruxsat bergan.
Bu qaror uchun mas’uliyatni o‘z zimmamga oldim. O‘zimni juda yaxshi his qilyapman va tiklanish jarayoni to‘g‘ri yo‘nalishda ketmoqda. Men uchun eng katta yordam — muxlislar ko‘magida jamoam bilan g‘alabalar va sovrinlar uchun kurashishda davom etish.
Vaziyatni yaxshiroq tushunishingizga umid qilaman. Shu bilan birga, bundan keyin bu masalani faqat oilam, yaqinlarim, klub va mutaxassislar doirasida muhokama qilish istagimga hurmat bilan qarashingizni so‘rayman. Barchangizga katta rahmat», — deb yozdi Musiala.