“Muruntov”: yuksalishning yangi bosqichi
Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar sanoat tarmoqlarida mutlaqo yangi yondashuvlarni shakllantirmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan iqtisodiyotning tarmoqlarida raqamlashtirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va mahalliylashtirish darajasini yuksaltirish bo‘yicha belgilangan vazifalar izchil amalga oshirilmoqda. Ana shunday korxonalardan biri mamlakatimiz iqtisodiyotining tayanch ustunlaridan sanaluvchi “Muruntov” konidir.
Dunyodagi eng yirik ochiq usulda oltin qazib olish ob’ektlaridan biri sifatida e’tirof etiladigan mazkur konda keng ko‘lamli modernizatsiya jarayonlari amalga oshirilmoqda. Geologik zaxiralardan oqilona foydalanish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, raqamli boshqaruv tizimlarini joriy etish va inson kapitaliga sarmoya kiritilishi natijasida konda nafaqat respublika, balki xalqaro miqyosda ham yuqori samaradorlik kuzatilmoqda.

– Konning eng katta boyligi, avvalo, uning inson kapitali hisoblanadi, – deydi “Muruntov” koni boshlig‘i Nuriddin Kamolov. – Bugungi kunda bu yerda 126 turdagi kasb egalari bo‘lgan 3162 nafar mahalliy mutaxassis mehnat qilmoqda. Ishlab chiqarish jarayonlarining murakkabligi muhandislar va ishchi-xodimlardan yuksak malaka hamda zamonaviy bilimlarni talab etadi. Shu bois kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimi doimiy ravishda takomillashtirilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda 97,85 million kubometr kon massasi qazib olingan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 117,8 million kubometrga yetdi. 2026-yil uchun esa 200,75 million kubometrlik reja belgilangan. Bu esa ishlab chiqarish hajmini qisqa vaqt ichida qariyb ikki barobar oshirishga qaratilgan ulkan dastur izchil amalga oshirilayotganini ko‘rsatadi.

Qazib olish hajmlarining o‘sishi burg‘ilash ishlarini ham yangi bosqichga olib chiqmoqda. 2024-yilda 27 ta burg‘ilash uskunasida 2,8 million pogon metr ish bajarilgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 29 ta uskuna hisobiga 3,72 million pogon metrga yetdi. 2026-yilda esa 38 ta burg‘ilash qurilmasi bilan 7,79 million pogon metr ish bajarish rejalashtirilgan. Bu yuqori malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni oshirish bilan birga, mehnatga haq to‘lash va ish sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasidir.
Portlatish ishlarida ham innovatsion yondashuvlar keng joriy etilmoqda. Karer chuqurlashib borishi bilan tog‘ jinslarining xususiyatlari o‘zgarishi inobatga olinib, har bir burg‘ilash qudug‘i uchun alohida zaryad parametrlari hisoblab chiqilmoqda. Natijada 2024-yilda 66,6 million kubometr, 2025-yilda 93,3 million kubometr kon massasi portlatilgan bo‘lsa, 2026-yilda bu ko‘rsatkichni 182,4 million kubometrga yetkazish rejalashtirilgan. Individual zaryadlash texnologiyalari energiya sarfini kamaytirish, granulometrik tarkibni yaxshilash va qazib olish samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Qazib-yuklash jarayonlarida ham texnik qayta qurollanish izchil davom etmoqda. Bugungi kunda konda 37 ta yuqori quvvatli elektr va 19 ta gidravlik ekskavator samarali faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, ta’mirlash tizimi to‘liq modernizatsiya qilinib, kapital ta’mirlash muddati avvalgi 90 kundan 20-25 kungacha qisqartirildi. Eng muhimi, texnikalarni ta’mirlash ishlari bevosita kovjoyning o‘zida amalga oshirilayotgani ishlab chiqarishdagi to‘xtalishlarni sezilarli darajada qisqartirdi. Energiya va kon uskunalarini ta’mirlash sexlarida ehtiyot qismlarni ishlab chiqarish mahalliylashtirilgani esa import o‘rnini bosish siyosati samaradorligini yanada oshirmoqda.
Raqamlashtirish va texnologik modernizatsiya transport tizimida ham o‘z ifodasini topgan. Konveyer liniyalarining bosqichma-bosqich kengaytirilishi natijasida 2026-yil birinchi choragida tashilgan kon massasi hajmi 8 million 14 ming kubometrni tashkil etdi. Bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 73 foizga ko‘pdir. Yangi ishga tushirilgan 4-konveyer liniyasi logistika samaradorligini yanada oshirib, transport xarajatlarini kamaytirishga xizmat qilmoqda.

Konchilikda resurslardan oqilona foydalanishning yana bir muhim omili aniq laboratoriya tahlillaridir. Shu maqsadda Gamma-aktivatsion tahlil markaziy laboratoriyasi zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanib, jahondagi eng yirik va yuqori samarali laboratoriyalardan biriga aylandi. Bu esa ma’dan tarkibidagi oltin miqdorini yuqori aniqlikda baholash va ishlab chiqarish jarayonlarini ilmiy asosda rejalashtirish imkonini bermoqda.
Prezidentimiz tomonidan 2030-yilga qadar qimmatbaho metall qazib olish hajmini sezilarli oshirish vazifasi belgilangan. Ushbu strategik maqsadlarni amalga oshirishda “Muruntov” konida innovatsion texnologiyalar, raqamli yechimlar va ratsionalizatorlik takliflariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2026-yil birinchi choragida joriy etilgan ratsionalizatorlik takliflari natijasida taxminan 550 milliard so‘m iqtisodiy samaraga erishilishi prognoz qilinmoqda. Bugun “Muruntov” koni yuqori texnologiyalar, innovatsion muhandislik yechimlari, raqamli boshqaruv va malakali kadrlar uyg‘unligiga asoslangan zamonaviy sanoat majmuasiga aylanmoqda. Ishlab chiqarish quvvatlarining muttasil oshib borishi, texnologik jarayonlarning takomillashuvi, mahalliylashtirish, energiya va resurs tejamkor yechimlarning joriy etilishi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning amaliy natijasini yaqqol tasdiqlaydi.

Xullas, “Muruntov” konida amalga oshirilayotgan islohotlar faqat ishlab chiqarish hajmini oshirish bilan cheklanib qolmayapti. Ular zamonaviy boshqaruv, innovatsiya, inson kapitali va yuqori samaradorlikka tayangan yangi sanoat madaniyatini shakllantirmoqda. Bu esa “Muruntov”ni nafaqat O‘zbekiston iqtisodiyotining strategik tayanchi, balki jahon konchilik sanoatida ilg‘or tajriba va yuqori texnologiyalar markazlaridan biri sifatida mustahkam o‘rin egallashiga xizmat qilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri