Jahon banki, OTB va KPMG ishtirokida davlat xaridlari sohasi muhokama qilindi
Toshkent shahridagi «Courtyard by Marriott» mehmonxonasida «Xalqaro hamkorlikni kengaytirish orqali sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari tizimini mustahkamlash» mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda xalqaro moliya institutlari va tashkilotlari, xorijiy ekspertlar, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan diplomatik vakolatxonalar vakillari, shuningdek, nufuzli xalqaro konsalting kompaniyalari mutaxassislari ishtirok etdi.
Davra suhbatida Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligining joriy yil birinchi yarim yilligida xalqaro hamkorlik hamda ilmiy-ishlab chiqarish yo‘nalishlarida amalga oshirgan ishlari, erishilgan natijalari va kelgusidagi ustuvor vazifalari taqdim etildi.
– Agentligimiz tomonidan Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki hamda boshqa xalqaro moliya institutlari va tashkilotlari bilan 30 dan ortiq uchrashuv o‘tkazildi, – deydi Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi direktor o‘rinbosari Jahongir Yunusov. – Shuningdek, Korea Elevator University, Korea Elevator Safety Foundation, KPMG va BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) bilan o‘zaro hamkorlik memorandumlari imzolandi. Tadbir davomida davlat xaridlari tizimini takomillashtirish, mahalliy qiymat ulushini oshirish, xizmatlarni mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishda xalqaro tajriba, ilg‘or bilim va innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, ilmiy-tadqiqot muassasalari, ta’lim tizimi va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, «maktab – oliy ta’lim – fan – ishlab chiqarish» zanjirini samarali bog‘lash hamda ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashildi.
[gallery-https://uza.uz/uz/collection/30635]
Tadbirda Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, KPMG, Ernst & Young (EY), McKinsey hamda UNDP vakillari so‘zga chiqib, davlat xaridlari tizimini yanada shaffof va barqaror qilish, institutsional islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan qo‘shma loyihalar haqida ma’lumot berdi.
Davra suhbati ochiq muloqot ruhida o‘tdi. Unda xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni keng joriy etish va qo‘shma investitsiya hamda ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish yuzasidan takliflar bildirildi.
Tadbir yakunida davlat xaridlari va sanoat kooperatsiyasi sohalarida xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, ilmiy muassasalar, xalqaro tashkilotlar va xususiy sektor o‘rtasidagi sheriklikni kengaytirish bo‘yicha o‘zaro kelishuvlarga erishildi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bunday hamkorlik mamlakatimizda davlat xaridlari tizimi samaradorligi va ochiqligini oshirish, mahalliy sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova,
Asliddin Alijonov (surat), O‘zA