Vazir: islohotlar natijasi, avvalo, odamlarning tibbiyotdan roziligida namoyon bo‘ladi
Xabaringiz bor, ayni kunlarda davlatimiz rahbari amaliy tashrif bilan Turkmanistonda bo‘lib turibdi.
Tashrif doirasida Markaziy Osiyo va MDH davlatlarining tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari ishtirokida anjuman va ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida tashrif buyurgan Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov “Avaza” milliy sayyohlik zonasida bo‘lib o‘tgan “Tibbiy xizmatlar bilan barchani qamrab olish va barqaror rivojlanish sohasidagi maqsadlar” ikkinchi xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi.

Tadbirda Hamdo‘stlik mamlakatlari parlament va vazirliklari, JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi, MDH Ijroiya qo‘mitasi, Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi hamda ilmiy va tibbiyot muassasalari vakillari ham qatnashdi.
Anjuman davomida sog‘liqni saqlash sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, tibbiyotni moliyalashtirish, yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish, dori vositalari xavfsizligini ta’minlash kabi qator dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Vazir yurtimizda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami, kasalliklar profilaktikasi, sohani raqamlashtirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida amalga oshirilgan islohotlar to‘g‘risida yig‘ilganlarga batafsil ma’lumot berdi.

Qayd etilganidek, O‘zbekistonda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 73 yoshdan 75,4 yoshgacha oshib, 2030-yilga kelib bu ko‘rsatkichni 78 yoshga yetkazish maqsad qilingan. Shuningdek, 38 million nafardan ortiq aholi va 4 mingdan ziyod tibbiyot muassasasini qamrab olgan yagona raqamli sog‘liqni saqlash tizimi joriy etildi.
– Islohotlar natijasi, avvalo, odamlarning tibbiyotdan roziligida namoyon bo‘ladi. Buning uchun Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda tibbiyot tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli choralar ko‘rilmoqda, – dedi E.Adilov.
Vazir sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikning istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlariga ham alohida to‘xtalib o‘tdi.
Mohigul Qosimova, O‘zA