Muhim minerallar — yangi o‘sish nuqtasi (+video)
Bugun dunyo iqtisodiyotida neft va gazdan tashqari litiy, volfram, molibden, reniy, tellur va selen kabi muhim minerallar uchun ham raqobat kuchaymoqda. Elektromobillar, sun’iy intellekt tizimlari, aviatsiya, mudofaa sanoati va qayta tiklanuvchi energetika taraqqiyoti aynan shu resurslarga bog‘liq. Shu bois texnologik metallar XXI asr iqtisodiyotining strategik boyligi sifatida qaralmoqda.
Shu kunlarda poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumi ana shunday istiqbolli sohalarni namoyish etish uchun muhim maydonga aylanmoqda, deyish mumkin. Forum doirasida “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” AJ mamlakatning muhim minerallar sohasidagi ulkan salohiyati, yirik investitsiya loyihalari va xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini taqdim etmoqda.
Korxona ekspozitsiyasining markazida 25 turdagi muhim minerallarni qamrab olgan 100 dan ortiq investitsiya loyihasi turibdi. Ular geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, yangi konlarni o‘zlashtirish, boyitish va qayta ishlash quvvatlarini yaratish hamda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni nazarda tutadi. Bu esa O‘zbekistonning xomashyo yetkazib beruvchi mamlakatdan yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqaruvchi davlatga aylanish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan rejalarga ko‘ra, 2026-2030-yillarda sohada umumiy qiymati 4,2 milliard dollarlik 120 ta loyiha amalga oshiriladi. Natijada tarmoq hajmini 2028-yilgacha 1 milliard dollarga, 2030-yilgacha esa 2 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Joriy yilning o‘zida 166 million dollarlik 12 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan bo‘lib, ular yuqori soflikdagi yangi metallar ishlab chiqarish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlash va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Forumda taqdim etilayotgan loyihalarning yana bir muhim jihati – ular butun ishlab chiqarish zanjirini qamrab oladi. Geologiya-qidiruv ishlaridan tortib, gidrometallurgiya va pirometallurgiya texnologiyalari asosida qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar tayyorlash hamda global ta’minot zanjirlariga chiqishgacha bo‘lgan jarayonlar yagona tizim sifatida shakllantirilmoqda. Bu esa xalqaro investorlar uchun uzoq muddatli va barqaror hamkorlik imkoniyatlarini yaratadi.
Toshkent xalqaro investitsiya forumida 42 trillion dollarlik aktivlarni boshqaruvchi kompaniyalar va moliya institutlari ishtirok etayotgan bir paytda muhim minerallar sohasidagi mazkur tashabbuslar alohida e’tibor markazida turibdi, chunki bugungi dunyoda texnologik mustaqillik, sanoat raqobatbardoshligi va eksport salohiyati ko‘p jihatdan aynan muhim minerallar zanjiridagi o‘rin bilan belgilanmoqda. O‘zbekiston esa mazkur forum orqali nafaqat o‘z resurslarini, balki ularni yuqori texnologiyali mahsulotga aylantirish imkoniyatini ham global investorlarga namoyish etmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Zpi6H9H0NKA" title="Muhim minerallar — yangi o‘sish nuqtasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Musulmon Ziyo, Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA