Mamlakatimizda davlat organlari mas’ullarining aholi bilan muloqotini takomillashtirish, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash hamda ularning muammolarini hal etishning zamonaviy mexanizmlarini joriy qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, ushbu sohada islohotlarning hozirgi bosqichi davlat organlarida nizolarni sudgacha ko‘rib chiqishning yagona tizimini yaratish, mediatsiya, hakamlik sudlari hamda xalqaro arbitrajlarni fuqarolar hamda tadbirkorlarning ishonchiga sazovor bo‘ladigan nizolarni hal etuvchi samarali muqobil institutlarga aylantirish lozimligini taqozo etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi va Fuqarolik protsessual kodeksiga muvofiq ishni sudda ko‘rishga tayyorlash paytida sudya taraflardan kelishuv bitimini tuzish ehtimolini yoki nizoni hal qilishning muqobil usullari ehtimolini aniqlaydi va ularning huquqiy oqibatlarini tushuntiradi.
Huquqiy jamiyatda nizoni hal etishning muqobil mexanizmlari yaratilishi jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlarini tiklashga erishishning samarali vositasi sifatida baholanadi.
Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati taqdim qilgan ma’lumotga ko‘ra, Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasida jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organlari o‘rtasidagi nizolarni sudgacha hal qilish bo‘yicha apellyatsiya kengashi tashkil etildi.
Endilikda jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organlari o‘rtasida yuzaga keladigan nizolarni sudgacha ko‘rib chiqish va xulosa qabul qilish orqali ularni hal qilish choralarini ko‘rish, murojaatni ko‘rib chiqishda qonun hujjatida turlicha talqin etilishi mumkin bo‘lgan normalar aniqlangan, u amaliyotda noto‘g‘ri yoki ziddiyatli tarzda qo‘llanilgan taqdirda, ularni belgilangan tartibda rasmiy sharhlashni tashkillashtirish bo‘yicha choralarni ko‘rish va murojaatni ko‘rib chiqishda aniqlangan qonun hujjatlaridagi bo‘shliqlarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar kiritish apellyatsiya kengashining asosiy vazifalari hisoblanadi.
Apellyatsiya kengashi murojaatlarni ko‘rib chiqishda teng huquqlilik, xolislik, qonuniylik, kollegiallik va huquqni qo‘llash amaliyotining bir xilligini ta’minlaydi, murojaat etuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qiladi, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida bartaraf etib bo‘lmaydigan barcha qarama-qarshiliklar va noaniqliklarni murojaat etuvchining foydasiga talqin qilish prinsiplariga asoslanadi.
Shuningdek, murojaatni ko‘rib chiqishda boshqa manfaatdor shaxslardan zarur bo‘lgan qo‘shimcha materiallar va ma’lumotlarni so‘rab olish, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlaridan Apellyatsiya kengashi vakolatlariga taalluqli masalalar bo‘yicha ma’lumotnomalar, axborot-tahliliy materiallarni belgilangan tartibda so‘rash va bepul olish, qo‘shimcha ekspertiza tayinlash, uni o‘tkazish uchun mustaqil ekspert va maslahatchilarni jalb etish, zarurat bo‘lganda, murojaatlarni ko‘rib chiqishda qatnashish uchun davlat organlari, ilmiy va ta’lim muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlaridan mutaxassis va ekspertlarni taklif qilish kabi huquqlarga ega.
Muhayyo TOSHQORAEVA, O‘zA