Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda dastlab nizolarni muqobil hal etishda mediatsiya institutini rivojlantirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.
O‘tgan galgi majlisda mazkur qonun loyihasidagi ayrim normalar bo‘yicha savollar ko‘tarilib, mas’ul qo‘mitaga qaytarilgan edi. Deputat Oybek Yo‘ldoshev qayd etganidek, o‘tgan muddat davomida loyiha mutaxassislar, ekspertlar, sud vakillari ishtirokida qayta ko‘rib chiqilib, maromiga yetkazildi. Kiritilgan o‘zgartirishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Mediatsiya nizolarni taraflarning ixtiyoriy roziligi asosida mediator ko‘magida hal qilish usuli bo‘lib, nizoni sudgacha va sud jarayonida hal etishga qaratilgan institut hisoblanadi. Mazkur qonun loyihasida mediatsiya tartib-taomillarini qo‘llash uchun rag‘batlantiruvchi normalar, mediatorlarga oid talablar va mediativ kelishuvlarni ijro etish qoidalari nizolarni muqobil hal etish mexanizmlaridan biri sifatida belgilanmoqda.
Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolar, tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasidagi nizolarni samarali va tezkor ravishda hal etishga, mediatsiya tartib-taomillarining hamma joyda qo‘llanilishini rag‘batlantirish orqali sudlardagi yuklamani maqbullashtirishga xizmat qiladi.
Moddama-modda muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
M.Komilova,
O‘zA