“MTRK” — “Mustaqillik kubogi” g‘olibi
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida ilk bor tashkil etilgan mini-futbol bo‘yicha “Mustaqillik kubogi” musobaqasi o‘z yakuniga yetdi.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi hamda mamlakatimiz futbol assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan mazkur musobaqaning so‘ngi kunida “O‘zA” — “Sevimli TV” jamoalari uchinchi o‘rin uchun kurash olib boragan bo‘lsa, “MTRK” hamda “Renessans” bosh sovrin uchun final bahsida qatnashdi.

“O‘zA” — “Sevimli TV” o‘rtasidagi o‘yinda 0:2 hisobi qayd etildi. Natijada “Sevimli TV” jamoasi uchinchi o‘rindan joy olib, medal va 10 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
“MTRK” hamda “Renessans” jamoalari o‘rtasidagi final o‘yini 4:1 hisobida yakunlandi. Shu tariqa, “MTRK” mazkur g‘alaba evaziga “Mustaqillik kubogi” bilan birgalikda 25 million so‘m pul mukofoti va medallar bilan taqdirlandi. Darvoqe, musobaqaning ikkinchi pog‘onasidan joy olgan “Renessans” futbolchilariga 15 million so‘m pul mukofoti berildi.

“Mustaqillik kubogi”ning taqdirlash marosimida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori, senator Abdusaid Ko‘chimov va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov so‘zga chiqib, musobaqa g‘olib va sovrindorlarini qutladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA